Isroil Eronga berilayotgan zarbalarni toʻxtatdi, biroq “Hizbulloh”ga hujum qilishda davom etadi
Isroil mamlakat siyosiy rahbariyatining qarorini ijro etgan holda Eronga berilayotgan zarbalarni toʻxtatdi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
Shu bilan birga, yahudiy davlati Livanda “Hizbulloh” boʻlinmalariga qarshi jangovar harakatlarni davom ettirish niyatida.
“Siyosiy rahbariyatning koʻrsatmalariga muvofiq, Isroil Mudofaa armiyasi Eronga qarshi kampaniyada oʻt ochishni toʻxtatadi, yuqori jangovar shaylik holatida turadi va har qanday qoidabuzarlikka javob berishga tayyor. Shu bilan birga, Isroil Mudofaa armiyasi Livanda “Hizbulloh” terrorchilik tashkilotiga qarshi jangovar harakatlar va quruqlikdagi operatsiyalarni davom ettiradi”, — deyiladi Isroil armiyasi bayonotida.
Avvalroq Amerika yetakchisi Donald Tramp Hoʻrmuz boʻgʻozi zudlik bilan ochilishi sharti bilan AQSH Eronni bombardimon qilishni ikki haftaga toʻxtatishini maʼlum qilgan edi.
Eron hukumati sulhga roziligini tasdiqladi. Tehronning rasmiy bayonotida aytilishicha, mamlakat “buyuk gʻalabaga erishdi va jinoyatchi Amerikani oʻzining oʻn banddan iborat rejasini qabul qilishga majbur etdi”.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi alohida xabarida ikki hafta davomida kemalar Eron harbiylari bilan oʻz harakatlarini muvofiqlashtirgan holda Hoʻrmuz boʻgʻozi orqali oʻtishlari mumkinligini tasdiqladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu maʼmuriyati yahudiy davlati AQSH Prezidenti Donald Trampning Eron bilan ikki haftalik sulh tuzish qarorini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring