Isroil armiyasi Gʻazo sektoridagi turar-joy binosiga zarba berdi
Foto: Reuters
Isroil armiyasi Gʻazo sektori Xon-Yunis shahridagi turar-joy binosiga hujum qildi.
Aviazarba An-Nasser tibbiyot majmuasi yonida joylashgan turar-joy binosiga berilgan. Halok boʻlganlar va yaralanganlar soni hozircha maʼlum emas.
Qutqaruv guruhi vayronagarchilik joyiga yaqinlashmoqchi boʻlganida, uy yana havodan zarbaga uchragan, natijada qutqaruvchilar jarohatlangan.
Gʻazo sektoridagi vaziyat 2023-yilning 7-oktyabr kuni keskinlashdi. Bunga Falastinning HAMAS harakatining harbiy qanoti tomonidan eʼlon qilingan “Al-Aqso toʻfoni” operatsiyasi doirasida Isroil hududiga yuzlab raketalar uchirilgani sabab boʻldi. Shundan soʻng tashkilot jangchilari Isroil janubidagi chegara hududlariga kirib, u yerda ham harbiy, ham tinch aholiga qarata oʻt ochgan, shuningdek, 200 dan ortiq odamni garovga olgan.
Isroil rasmiylarining soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, ushbu hujum oqibatida taxminan 1,2 ming kishi halok boʻlgan, bu raqam tinch aholi, askarlar, chet el fuqarolarini oʻz ichiga oladi. Shuningdek, 5 mingdan ortiq kishi jarohat olgan.
Bunga javoban Isroil mudofaa kuchlari Gʻazo sektorida HAMASga qarshi “Temir qilichlar” operatsiyasini boshladi. Bir necha kun ichida isroillik harbiylar Gʻazo bilan chegara yaqinidagi barcha aholi punktlarini nazorat ostiga oldi va chiziqdagi nishonlarga, jumladan, tinch aholiga havo hujumlarini boshladi. Shuningdek, Isroil Gʻazo sektorini toʻliq blokadaga olganini eʼlon qildi: suv, oziq-ovqat, elektr energiyasi, dori-darmon va yoqilgʻi yetkazib berish toʻxtatildi.
Oʻtgan yilning oktyabr oyining oxirida Isroilning anklavdagi operatsiyasining quruqlik bosqichi boshlandi. Gʻazo shahri Isroilning quruqlikdagi kuchlari tomonidan oʻrab olingan va anklav amalda janubiy va shimoliy qismlarga boʻlingan.
Falastin anklavining Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2023-yilning 7-oktyabridan beri Gʻazoda halok boʻlganlar soni 22 ming kishidan oshgan, 57 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring