Ismatulla Irgashev Saudiya Arabistoni Podshohligining Afgʻoniston boʻyicha maxsus guruhi rahbari Abdulla bin Holid bin Saud al Kabir bilan muzokaralar oʻtkazdi
Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati
2022-yil 26-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Ar-Riyod shahrida Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligining Siyosiy masalalarni rejalashtirish bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari - Afgʻoniston boʻyicha maxsus guruhi rahbari Abdulla bin Holid bin Saud al Kabir bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Saudiya Arabistonining afgʻon inqirozini tinch yoʻl bilan hal etish, mamlakatga tezkorlik bilan insonparvarlik va boshqa yordamlar koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlari muhokama qilindi.
Abdulla bin Holid bin Saud al-Kabir Oʻzbekistonning bu boradagi amaliy qadamlarini yuqori baholadi, ayniqsa, joriy yilning iyul oyi oxirida Toshkentda “Afgʻoniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya muvaffaqiyatli oʻtkazilganini taʼkidladi.
Tomonlar Afgʻonistonning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash, mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga yanada kengroq jalb etish muhimligini alohida taʼkidladilar.
Saudiya tomoni Oʻzbekiston Respublikasining Afgʻonistonda Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temir yoʻl liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish boʻyicha saʼy-harakatlari oʻz vaqtida amalga oshirilayotganini taʼkidlab, ushbu loyihani har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Afgʻonistonning yangi hukumatiga nisbatan jahon hamjamiyatining yaxlit pozitsiyasini ishlab chiqmay hamda xalqaro gumanitar yordamni koʻpaytirmasdan turib, mamlakatdagi oʻtkir ijtimoiy-iqtisodiy inqirozni bartaraf etib boʻlmaydi, degan fikr bildirildi.
Tomonlar Afgʻoniston masalasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligining maxsus vakillari darajasida maslahatlashuvlarni davom ettirishdan oʻzaro manfaatdorlik bildirdilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring