Ishtixondagi oʻzgarishlar boshqa hududlarga namuna boʻla oladimi?
Foto: Xalq so‘zi
Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhi Samarqand shahridan 65 kilometr olisdagi Ishtixon tumanining 62 ta mahallasida uyma-uy oʻrganishlar olib borib, xalq bilan muloqot qilib, har bir masalani qonuniy yechimini topishi uchun bor kuch-imkoniyat safarbar qilindi.
Tumanni obod qilish, qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bogʻliq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish, xususan, joylarda ichki yoʻllar, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz taʼminotini, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma obyektlarini yaxshilash, aholi muammolari va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini oʻrganish va hal etish boʻyicha ishlar Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon tumanida joriy qilingan tajriba asosida tashkil etildi.

Xususan, tumanda jami 27 ta mahalladagi 91,7 kilometr ichki yoʻllar shagʻallashtirildi, 2 kilometr yoʻl asfaltlandi.
— Bizning “Xonaqa”mizda 4 ming 255 nafar aholi yashaydi, — deydi ushbu MFY raisi Samariddin Muhammadiyev. — 4 ta qishlogʻimizda 17 ta koʻcha qachon oxirgi marta taʼmirlanganini eslay ham olmaymiz. Respublika ishchi guruhi kelib, oʻrgangach, koʻchalarimizga qum-shagʻal yotqizish ishlari boshlab yuborildi, 1,5 kilometr yoʻlimiz asfaltlandi. Bundan tashqari elektr energiyasi, ichimlik suvi muammolari ham hal boʻldi. 12 ta transformator yangilanishi, 32 tasi taʼmirlanishi, 13,2 kilometr yangi tarmoq tortilishi, qariyb 480 dona beton ustunlar oʻrnatilishi bilan 5 mingdan oshiq xonadon chiroqlari ham, ularda yashayotgan odamlar qalbi ham nurafshon boʻldi.
Yana bir muhim yangilik tumanning 7 ta umumtaʼlim maktabi uchun jami 196 dona quyosh panellari yetkazib kelingani boʻldi. Bir maktabga ajratilayotgan 28 dona mazkur muqobil energiya manbasining quvvati 15 kilovatt soat boʻlib, bu nainki maktab binosini chiroq bilan uzluksiz taʼminlash, balki taʼlim sifatini ham oshirish imkonini beradi.
— Biz har oyda 120-130 kilovatt soat elektr energiyasi ishlatar edik. Endi quyosh panellari yordamida 10 kunda shuncha elektr energiyasi ishlab chiqarilar ekan, — deydi 84 – umumtaʼlim maktabi direktori Bahodir Xoʻjayev. — Endilikda biz nafaqat oʻzimizning ehtiyoj uchun, balki taʼlim sifatini oshirish maqsadida elektron doska va shunga oʻxshash oʻquv jihozlarimizni ishlatishga va ortganini aholiga hamda tashkilotlarga sotish imkoniyatiga ega boʻlyapmiz.
Shuningdek, tumanda “Temir daftar”ga kiritilgan jami 27 nafar ogʻir ijtimoiy ahvoldagi insonlar xonadonlariga ham ichki imkoniyatlar hisobidan quyosh paneli oʻrnatib berildi.

Aholi talabidan kelib chiqib, Ishtixonning qishloq-mahallalaridagi 64,1 mingdan ziyod gaz ballonlari yangilandi, 5 ta gaz taqsimlash punkti joriy taʼmirlandi, 268 ta gaz taqsimlash punkti va 396,3 kilometr gaz quvuri texnik koʻrikdan oʻtkazildi.
Ishchi guruh oʻrganishlari natijasida 2 ta suv uzatish stansiyasi taʼmirlanib, 7 kilometr suv quvuri yotqizildi.
— Shu yerga koʻchib kelganimga 30 yil boʻldi. Shundan buyon isteʼmolga yaroqsiz suv ichib kelardik, — deydi Shayxlarkent mahallasida yashovchi Malohat Joboʻriyeva. — Mana, xonadonimizdagi joʻmrakdan toza ichimlik suvi chiqa boshladi. Buning biz uchun qanchalar muhim yangilik boʻlganini soʻz bilan taʼrif berolmayman. Yoʻllarimiz ham taʼmirlanib, elektr taʼminoti yaxshilandi. Xullas, mahallamizda oʻzgarishlar katta. Talablarimiz amalga oshib, xalqimizga qulay sharoitlar yaratilyapti. Bu bizga katta umid baxsh etyapti.
Oʻrganishlar jarayonida tumanda 29 kilometr yangi optik tolali aloqa tarmogʻi tortilib, 4,5 kilometr tarmoq taʼmirlab berildi. Natijada Boytubi, Yangikent, Jonrohat singari mahallalardagi qariyb 500 ta xonadon yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulandi. 19 ta maktab va 2 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlariga zarur jihozlar, oʻquv partalari, badiiy adabiyotlar yetkazib berilgani esa ayni muddao boʻldi.
Ogʻir turmush sharoitiga tushib qolgan xotin-qizlar va yoshlar muammolarini hal qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar uy-joylarini taʼmirlash, aholiga moddiy yordam koʻrsatish uchun mahalliy byudjetdan mablagʻ ajratilib, 20 nafar ogʻir ijtimoiy ahvoldagi ayollarning uy-joylarini qurish-taʼmirlash ishlari boshlandi. 257 ta oilaga esa uy-joylarini taʼmirlashi uchun qurilish materiallari yetkazib berildi.
Respublika ishchi guruhi faoliyati davomida asosiy eʼtibor tadbirkorlik va yangi ish oʻrinlarini kengaytirish, odamlarning real daromadini oshirish uchun qator loyihalarni amaliyotga tatbiq etishni qoʻllab-quvvatlashga qaratildi. Bu jarayonda ishsiz insonlarni lider tadbirkorlarga biriktirib, kooperatsiya tashkil qilish, mavjud kooperatsiyalarni kengaytirish va rivojlantirishda esa har bir hududning oʻsish drayverlaridan kelib chiqildi. Aytaylik, Chinortepa mahallasidagi qariyb 700 ta oilaning 210 dan ziyodi sut-qatiqni tabiiy usulda qayta ishlash bilan shugʻullanadi. Ular tayyorlayotgan xilma-xil qurutlar nafaqat Toshkentu Fargʻona vodiysi, balki Qirgʻiziston, Qozogʻiston davlatlari, hatto olis Amerika bozorlariga ham yetkazib berilyapti.

Chinortepadagi yetakchi tadbirkorlarning barchasi kooperatsiya usulida ishlayapti. Deylik, Nodirxon Islomov rahbarligidagi “Nodirxon Agro produkt” korxonasi bilan yuzga yaqin insonlar bogʻlangan. Ularning bir qismi suzma yetkazib bersa, bir qismi qurut tayyorlaydi, qolganlar qurutni quritish, qadoqlash va transportda tashish kabi xizmatlar bilan mashgʻul. Bu ikki korxonada oyiga oʻrtacha 60-80 tonna suzmadan qurut tayyorlanadi. Yaʼni bu yerda kooperatsiyani rivojlantirish uchun yetarli salohiyat, eng muhimi, mahsulotning bozori bor.
— Farzandlarimizning hammasini shu kasbga oʻrgatdik. Buning ortidan kam boʻlganimiz yoʻq, — deydi tadbirkor Habibullo Sulaymonov. — Mahallalardagi kam taʼminlangan oilalarni aniqlab, ana shunday oʻnlab oilalar bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Ularga yarim tayyor mahsulotlarni yetkazib berib, tayyor mahsulotlarni oʻzimiz sotib olamiz.
Respublika ishchi guruhining Chinortepadagi qurut tayyorlayotgan yetakchi tadbirkorlar va ishsiz insonlar bilan muloqotidan soʻng ularga ogʻir ijtimoiy ahvoldagi yana 20 ta oila kooperatsiya asosida biriktirildi. Ishlash tizimi sodda - tadbirkorlar ularning xonadoniga tayyor suzma va qutilarni yetkazib beradi, aholi esa bundan qurut tayyorlab, qutilarga joylab beradi. Har kilogramm qurut uchun 3 ming soʻmdan haq toʻlanadi va shu ish evaziga oyiga 5 million soʻmgacha qoʻshimcha daromad olish mumkin. Bosqichma-bosqich bu faoliyat turi yana kengaytirib boriladi.
Aholi real daromadini oshirishga qaratilgan yana bir loyihaga koʻra, chorva klasterlari aholiga zotli qoramollarni ozuqasi bilan muddatli toʻlov asosida yetkazib beradi. Shart bitta - chorvani parvarishlab, sut sogʻib olish. Bu sutni ham klasterning oʻzi sotib oladi. Sut haqining bir qismidan qoramol va uning ozuqasi uchun toʻlov chegirib qolinadi, xolos. Bu esa har ikki tomon uchun birdek manfaatli boʻlib, asosiysi, ogʻir ijtimoiy ahvoldagi oilalarga oʻzini moddiy tiklab olishi uchun yana bir qoʻshimcha imkoniyatdir.
Oʻrganishlar davomida ishsizligi aniqlangan 90 nafar murojaatchi subsidiya hisobidan ish anjomlari bilan taʼminlangan boʻlsa, tikuv mashinasi ajratilgan aksariyat xotin-qizlar tikuvchilik korxonalarida kooperatsiya asosida ishga joylashtirildi. Ahamiyatlisi, ularga boshchilik qiladigan tadbirkor ayollar ham ishni oddiy tikuvchilikdan boshlagan. Bir misol – Shayxlar mahallasida yashovchi Habiba Rahmonova oʻtgan yili ham “Ayollar daftari”da roʻyxatda turardi. Respublika ishchi guruhining oʻtgan yilgi faoliyati davomida unga mahalla binosidan boʻsh xona va subsidiya asosida tikuv mashinalari ajratilgan edi. Qisqa vaqtda Habiba yuz nafardan ziyod xotin-qizlarga tikuvchilik sirlarini oʻrgatdi, ularning 20 nafari bilan kooperatsiya tashkil qildi. Ular tayyorlayotgan kiyim-kechaklarning bozori ancha chaqqon.
— Hozirgi kunda kooperatsiya asosida ikkita xonadonga bichilgan, yarim tayyor matolarni yetkazib beramiz. Ular bizga tikib, tayyor qilib, olib kelib bergandan keyin ishiga qarab ish haqini toʻlaymiz, — deydi Habiba Rahmonova. — Yana oʻzimizda oʻqib ketgan va uyda tikuvchilik qilaman, degan talabgorlar bor edi. Ularga ham mashinka qilib bersak, oʻzini-oʻzi ish bilan taʼminlagan va oilasiga daromad keltirgan boʻlardi.
Respublika ishchi guruhi vakillari bilan muloqotdan soʻng bu ayolning taklifi bilan yana 10 nafar shogirdiga tikuv mashinkalari ajratilib, kooperatsiya tarmogʻi yanada kengaydi. Mohpar mahallasida yashovchi Manzura Xushmurodova ham bugun subsidiya asosida tikuv mashinkasi olib, kooperatsiyaga aʼzo boʻlib kirdi. Endi uning ham uyiga xomashyo olib kelib berilib, tayyor mahsulot olib ketiladi. Bu unga va oilasiga qoʻshimcha daromad manbaidir.
— Ikki nafar farzandim bor, — deydi Manzura Xushmurodova. — Uyda tikuvchilik qilmoqchi edim. Buning uchun tikuv mashinkam yoʻq edi. Mana, mashinka ham berishdi.Buning uchun katta rahmat. Endi uyda tikuvchilik qilib, ham farzandlarim tarbiyasi bilan shugʻullanaman, ham daromad topaman.
Umuman, “Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosidagi muloqotlar natijasida Ishtixonda 725 nafar murojaatchining bandligi taʼminlandi. Ularning 258 nafari doimiy ishga joylashtirilgan boʻlsa, 249 nafari kasb-hunarga yoʻnaltirildi, 218 nafarining oʻzini oʻzi band qilishiga erishildi. Tadbirkorlik faoliyati boʻyicha 235 nafar murojaatchiga 6,2 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratildi. Bu jarayonda “Joʻra Mahmudov” mahallasida yashovchi Dilnoza Botirova ham 300 million soʻm imtiyozli kredit olib, oʻz uyida 300 oʻringa moʻljallangan oʻquv markazi faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Endi mahalla yoshlari turli fanlardan qoʻshimcha dars olish uchun shahar markaziga bormay, shu yerda bilim olishlari mumkin.

Oʻrganishlar davomida viloyatdagi tajribali, yuqori malakali shifokorlar ishtirokida mahallalarda bepul chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar tashkil qilingani esa aholiga yana bir katta qulaylik boʻldi. Xastalik aniqlanganlarning 302 nafari tuman, 45 nafari viloyat shifoxonalariga yotqizildi, 54 nafar ehtiyojmand bemorlarda bepul jarrohlik amaliyoti, shu jumladan 14 nafar bemorda ilk bor laparoskop usulidagi murakkab operatsiyalar ilk bor tumaning oʻzida oʻtkazildi.
— Markazimiz oʻtgan yili oʻz faoliyatini boshlagan. Bugunga qadar bizga 34 turdagi zamonaviy tibbiy jihozlar berildi, — deydi Ishtixon tuman tibbiyot birlashmasi qoshidagi tumanlaro qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomin kasalliklar markazi boshligʻi Fazliddin Qudratov. — Oʻzim laparoskopiya yoʻnalishida oʻqiganman. Lekin apparat yoʻqligi sababli bunday operatsiyalar oʻtkazilmas edi. Mana, endilikda yuqori texnologiyali operatsiyalarni oʻtkazish uchun laparoskop apparati ham keltirildi. Natijada Sogʻliqni saqlash vazirligining tajribali mutaxassislari bilan birgalikda tumanimizda birinchi marta laparoskop usulidagi murakkab operatsiyalar oʻtkazildi. Kelgusida bunday operatsiyalarni oʻzimiz mustaqil bajarishga salohiyatimiz va imkoniyatimiz yetadi.
Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining “Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosida Ishtixon tumanidagi oʻrganishlari xonadonlargacha kirib borish, odamlarni oʻylantirayotgan masalalarni eng birlamchi nuqtada aniqlab, ularga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etdi. Tumanning 62 ta mahallasidagi qariyb 44 ming 400 ta xonadonu 443 ta obyektlardagi oʻrganishlar, sayyor va shaxsiy qabullarda aniqlangan 10 ming 338 ta masalaning 72,2 foizi joyida hal etildi. Qolgan muammolar boʻyicha aniq muddat, masʼullar va moliyalashtirish manbasi belgilanib, nazoratga olindi.
Masʼullarning qayd etishicha, bundan keyin Samarqand viloyatining barcha tuman va shaharlarida Ishtixon namunasi boʻyicha yangicha tizimda ishlar tashkil etiladi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring