Ishsiz yoshlar ish bilan taʼminlanadi

19:26 05 Mart 2020 Jamiyat
3545 0

Illyustrativ foto

Jizzax viloyat hokimligida xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashining uchinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Sessiyada senatorlar, viloyat Kengashi deputatlari, viloyat hokimining oʻrinbosarlari, viloyat hokimligi boshqarma va boʻlim boshliqlari, shahar va tumanlar hokimlari, sektor rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-dekabrdagi mamlakat yoshlari bilan uchrashuvda yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yasash, yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish borasida belgilab berilgan dolzarb vazifalarning ijrosini taʼminlash masalasiga asosiy urgʻu berildi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 5718-sonli Farmoni ijrosi hamda Jizzax viloyat hokimining “Foydalanilmay boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektini investitsiya loyihasi asosida sotish toʻgʻrisida”gi 450-sonli qarorini ijrosini taʼminlash kabi masalalar koʻrib chiqildi.

Sessiyada Prezidentimiz rahbarligida 2019-yilning 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda mamlakat yoshlari bilan uchrashuv oʻtkazilganligi, shu yigʻilish bayoni asosida belgilab berilgan vazifalarni ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatda 2020-yilda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida amalga oshiriladigan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan 49 ta banddan iborat kompleks chora – tadbirlar “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, ijroga qaratilganligi, bugungi kunda viloyatda ishsiz va band boʻlmagan yoshlar 28 ming 724 nafarni tashkil qilishi aytildi. Shu yoshlarning 19 nafari jazoni ijro etish muassasalaridan qaytib kelgan tashkil etsa, 282 nafari imkoniyati cheklangan yoshlar, 5 ming 370 nafari taʼlim muassasalarini tamomlab band boʻlmagan yoshlar, 23 ming 53 nafari uyushmagan yoshlar hisoblanadi.

-Ishsiz yoshlarni bandligini taʼminlash boʻyicha manzilli rejaga asosan 2020-yilda 28 ming 724 nafar doimiy ish joyiga ega boʻlmagan yoshlarning 19 ming 940 nafarini yoki 69,5% bandligini taʼminlash belgilandi, — deydi sessiyada soʻz olgan Jizzax viloyat hokimi Ergash Saliyev. — “Har bir yoshga bir gektar“ loyihasi doirasida 1 ming 13 nafar, bandlik jamgʻarmasi orqali haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilish orqali 2 ming 149 nafar, “Yoshlar — kelajagimiz!“ Davlat dasturi doirasida 397 nafar, “Har bir oila — tadbirkor“ Davlat dasturi doirasida 1 ming 39 nafar, boʻsh ish oʻrinlari orqali oʻtkaziladigan “Mehnat yarmarkalari“ doirasida 1 ming 472 nafar, boshqa yoʻnalishlar doirasida 1 ming 538 nafar yoshlarning bandligi taʼminlanishi belgilab olindi.

Sessiyada taʼkidlanishicha viloyatda “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi orqali 2020-yilda 106 ta loyihaga 15 mlrd soʻm ajratilib, natijada 361 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi belgilangan. Shuningdek, “IT Rark” majmuasi negizida shahar va tumanlar markazida 100 nafar oʻquvchi-yoshlarni oʻqitish uchun “IT Rark” filiallarini ochish, ularga zamonaviy bino ajratish va axborot dasturlarini yaratish, innovatsion texnologiyalar asosida ishlaydigan “IT school” axborot texnologiyalari oʻquv markazlarini tashkil etish, oʻquv markazini malakali oʻqituvchi mutaxassislar bilan toʻldirish hamda zaruriy orgtexnika vositalari bilan taʼminlash masalalari ham muhokama qilindi.

Tolibjon ERGASHEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер