Ishsiz fuqarolar kasb-hunarga yoʻnaltirilmoqda

20:17 01 Mart 2022 Jamiyat
694 0

Foto: Халқ сўзи

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 11-avgustdagi “Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori doirasidagi ishlar doimiy daromad manbaiga ega boʻlmagan qatlam vakillarining oʻz layoqatini roʻyobga chiqarish va rivojlantirishida, turmush sharoitini yaxshilashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hujjatga asosan joylarda “Ishga marhamat” monomarkazlarining barpo etilayotgani ayni muddao boʻlayotir.

Andijon shahrida tashkil etilgan shunday monomarkazda hozirda 670 nafar yigit-qiz kasb-hunar sirlarini oʻrganmoqdalar. Ulardan biri, Andijon shahridagi Fitrat koʻchasida yashovchi Saidahror Ahrorov esa bu yerda oʻzlashtirgan bilim va koʻnikmalariga tayanib tadbirkorlikni yoʻlga qoʻydi.

— Kollejni hisobchilik yoʻnalishi boʻyicha tamomlaganman, lekin uzoq vaqt ish topa olmay yurdim, — deydi Saidahror. — Monomarkazga kelib, sartaroshlikni oʻrgandim. Shunday qilib oʻz sartaroshxonamni ochdim. Ishlab, daromad topish bilan birga ikki nafar yigitni shogirdlikka olib, kasb sirlarini oʻrgatyapman.

Andijon shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida 24 ixtisoslik boʻyicha 2 smenada oʻqish tashkil etilgan boʻlib, shu kungacha 1 ming 434 nafar fuqaro oʻzlari tanlagan yoʻnalish boʻyicha kasb-hunar egasi boʻldilar.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер