Irodaning shashti baland

15:29 14 Yanvar 2022 Jamiyat
749 0

Foto: Халқ сўзи

Oramizda shunday insonlar borki, roʻzgʻorini butlash, farzandlarini bekamu koʻst sharoitda voyaga yetkazish, toʻy qilib, elga osh berish, ortganini ehtiyojmandlarga ulashib, savob olishdek hayotiy ehtiyojlari uchun boshqalarga yuk boʻlishni or biladilar. Chumoliday tinim bilmay mehant qilishni boqimandalikdan ustun qoʻyadilar. Andijon viloyati Oltinkoʻl tumani Sadda mahallasida yashovchi Iroda Ismoilova ham ana shunday fazilat egasi. Tabiatan kamsuqum bu ayol hovlisidagi issiqxonadan yilning toʻrt faslida hosil olib, daromad topadi.

— Shu kunlarda bulgʻor qalampiri yetishtiryapmiz,-deydi Iroda. — Bahorda bodring bilan pomidor ekamiz. Koʻchatni ham oʻzimiz yetishtirganimiz bois xarajatlarimiz u qadar koʻp boʻlmaydi. Yerga mehr bersangiz kifoya, u albatta, sizni kam qilmaydi.

Iroda oʻtgan yili moʻjazgina issiqxonasining oʻzidan 20 million soʻm sof daromad oldi. Bu yil yanada barakali hosil olish niyatida uy-roʻzgʻor yumushlari, bolalar tarbiyasidan ortib, issiqxonadagi ekinlar parvarishini bir zum ham susaytirgani yoʻq.

Umuman olganda, Sadda mahallasida Irodaning safdoshlari koʻp. Bu yerdagi 547 xonadonning deyarli barchasi tomorqa dehqonchiligi bilan shugʻullanadi. Oʻtgan yili Oltinkoʻl tumanida 1955,6 milliard soʻmlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda tomorqachilarning ham salmoqli hissasi borligi shubhasiz.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер