Irodaning mustahkam irodasi

16:36 19 Iyun 2024 Jamiyat
347 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Iroda Shofirkonning Kalon qishlogʻida yashaydi. Tirishqoq, intiluvchan, yangilikka tashna. Tabiatan xushfeʼl. Ammo taqdir undan bir himmatini ayagan. Yura olmaydi.

Tushkunlikka tushgan damlarim koʻp boʻlgan, deydi u. Ammo yaqinlarim, 5-maktabdagi ustozlarim qoʻllab-quvvatlashdi. Ruhan kuchli boʻlishga intildim.

Birinchi guruh nogironi boʻlgani bois, u uyida yakka tartibda tahsil oldi. Davolanish uchun Toshkent shahriga borganida shifoxonada Irodaga oʻxshagan salomatligida nuqsoni boʻlgan oʻgʻil-qizlar uchun tashkil etilgan toʻgarak mashgʻulotlarida qatnashdi. Munchoqdan turli buyumlar tayyorlash sir-asrorini oʻrgandi. Keyin kichik hajmli gilamlar toʻqish hadisini oldi. Ularni sotishga ham ulgurdi. Qahramonimiz shu tariqa 9-sinfdaligidayoq hunar etagidan tutib, oila byudjetiga oʻz hissasini qoʻshishga kirishdi.

Hunar ortidan kam boʻlayotganim yoʻq, deydi kulimsirab Iroda. Oʻtgan yilning noyabridan boshlab, bir tanishimning maslahati va koʻmagi bilan savatchali gullar, buketlar tayyorlashga kirishdim. Bu ish oson kechmadi, albatta. Ammo kishida qatʼiyat boʻlsa, oʻz maqsadiga albatta, erishadi.

Nogironlik aravachasida turib, rang-barang gulli savatchalar tayyorlayotgan, mahalla tomonidan yoshlar daftarida roʻyxatga olingan Iroda Iskandarovaning qoʻl harakatlariga razm solgan kishi qarshisida dunyoqarashi keng, bilimli, didi nozik hunar egasi turganini his etadi. Eʼtiborlisi, 20 yosh ostonasida turgan qizning koʻplab shogirdlari bor. Ular bilan hamkorlikda Iroda birgina mart oyida 2 mingtadan ziyod savatli gullar tayyorladi. Hozir ham mahsulotni buyurtmachilarga – savdo shoxobchalariga peshma-pesh yetkazib turibdi.

Farzandingizni tengqurlari kabi chopqilab yurolmasligini koʻrib yashash juda ogʻir, deydi uning buvisi Tursunoy Saidjonova. Nevaram davlatimizning gʻamxoʻrligi, yaxshilarning koʻmagi bilan oʻqib, hunarli boʻldi. Endi uning ertasidan koʻnglim toʻq. Hayotdan mamnunligini uning koʻzlari ham aytib turibdi.

Nazarimizda, Tursunoy buvining bu soʻzlariga izohning hojati yoʻq.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер