Iqlim oʻzgarishida avtomobillarning ham hissasi bor

13:07 26 Oktyabr 2022 Jamiyat
760 0

Foto: Xalq so‘zi

Aholi bandligini taʼminlash, moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishi uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish natijasida daromad koʻrsatkichlari ortdi. Bir paytlar bitta mahallada atigi bitta, nari borsa ikkita avtomashina mavjud boʻlgan boʻlsa, hozirga kelib bitta oilada uch-toʻrttagacha transport vositalarini uchratish mumkin. Mutaxassislarning maʼlum qilishlaricha, ayni paytda respublikamizda avtomobillar soni har ming kishiga 120-130 tani tashkil etmoqda. 2022-yilga borib bu koʻrsatkich 160 taga yetishi mumkin. Bu yaxshi, albatta! Biroq ulardan ajrab chiqayotgan zaharli moddalar atrof-muhit musaffoligiga putur yetkazayotgani ham bor gap. Maʼlumotlarga koʻra, tabiatga yetkazilayotgan salbiy taʼsirlarning 40 foizi transport vositalariga tegishli. Qolaversa, avtomobillardan ajrab chiqayotgan karbonat angidrid gazi koʻp miqdorda atmosferaga tarqalishi tufayli iqlim oʻzgarishiga sabab boʻlmoqda. Yaʼni Yer yuzida harakatlanayotgan global isishning asosiy sabablaridan biri ham aynan texnik vositalar hisoblanadi.

— Tahlil natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, bitta yengil avtomobil bir kunda bir kilogramm miqdordagi zararli moddalarni havoga chiqaradi, — deydi Andijon viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimi Lochinbek Isomiddinov. — Ular inson tanasidagi qonning faolligiga taʼsir koʻrsatib, kislorod yetishmovchiligi, oʻpka, allergiya, yurak, markaziy asab tizimi bilan bogʻliq kasalliklarni keltirib chiqaradi. Shundan kelib chiqib boshqarmamiz tomonidan bir yilda ikki marta koʻrik tashkil etish yoʻlga qoʻyildi. Unda avtomobillardan atmosferaga chiqayotgan zaharli moddalarning meʼyoriy oʻlchovlari oʻrganiladi. Ayniqsa, dizel va benzin bilan harakatlanuvchi transport vositalarining amaldagi tartiblarga rioya etishlariga alohida ahamiyat qaratiladi. Shu kungacha viloyatda harakatlanayotgan 30 mingdan ortiq vositalar koʻrikdan oʻtkazilib, ularning zararsiz harakatlanishlari borasidagi meʼyor taʼminlandi.

Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: bu muammoga uzil-kesil yechim bormi?

— “Yashil transport” orqali avtotransport vositalarining tabiatga, inson salomatligiga boʻlgan salbiy taʼsirini kamaytirish mumkin, — deya davom etadi Lochinbek Isomuddinov. — Elektromobillarning salbiy taʼsiri anʼanaviy avtomashinalarga nisbatan uch barobar kam. Bugungi kunga kelib viloyatda ularning soni 150 tadan ortdi. Haydovchilar tomonidan bu toifadagi transport vositalariga boʻlgan qiziqish ortmoqda. Boisi, unga sarflanadigan xarajat miqdori ham 10 barobarga kam. Demak, umid qilish mumkinki, jarayon shu tarzda kechsa, atrof-muhitga zarar yetkazayotgan avtomobillar soni kamayib, musaffolik darajasi ortib boradi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер