Ipoteka subsidiya ajratish mexanizmini takomillashtirish boʻyicha senator soʻroviga javob berildi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Kobuljon Tursunov yuborgan ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiya ajratish mexanizmini takomillashtirishga oid senator soʻroviga javob berildi.
Unda qayd etilishicha, mamlakatda aholini uy-joy bilan taʼminlash hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka tizimi izchil rivojlanmoqda. Soʻnggi yillarda uy-joylar sotib olishda oʻn minglab fuqarolarga ipoteka kreditlari va subsidiya mablagʻlari ajratilgan.
Vazirlik tomonidan senator soʻrovida koʻtarilgan masalalar atroflicha koʻrib chiqildi. Xususan, subsidiya mablagʻlarini ikkilamchi uy-joy bozoriga yoʻnaltirish iqtisodiy jihatdan samarasiz ekani taʼkidlandi. Bunda Davlat byudjeti mablagʻlari yangi uylar qurilishini ragʻbatlantirish, bandlikni oshirish va real sektorni rivojlantirish lozimligi qayd etildi.
Shu bilan birga, subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati avvalgi 12 oydan 4 oyga qisqartirilgani fuqarolarni kengroq qamrab olish va mablagʻlardan samarali foydalanish imkonini bergani bildirildi. Yangi qurilayotgan uylar bilan bogʻliq muammolarni hal etish maqsadida esa 2026-yildan ipoteka omonati tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, ipoteka kreditlari maksimal miqdori 15 foizga oshirilib, Toshkent shahrida 480 mln soʻm, viloyatlarda 380 mln soʻm etib belgilangan. Subsidiya ajratish jarayoni toʻliq raqamlashtirilib, arizalarni koʻrib chiqish inson omilisiz amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, subsidiya oluvchilar qamrovini kengaytirish maqsadida Davlat byudjeti hisobidan qoʻshimcha mablagʻlar ajratilayotgani, pedagoglar va tibbiyot xodimlari uchun alohida qoʻllab-quvvatlash mexanizmi joriy etilayotgani aytilgan.
Taʼkidlanishicha, ipoteka tizimini yanada takomillashtirish, uy-joy bilan taʼminlash koʻlamini kengaytirish hamda aholining turmush darajasini oshirish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring