Institutda robototexnika laboratoriyasi ochildi
Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Namangan muhandislik-texnologiya institutida oʻqish va oʻqitishning innovatsion texnologiyalarini joriy etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Kuni kecha foydalanishga topshirilgan “Robototexnika va mexatronika” yoʻnalishdagi laboratoriyalar turkumi ham buning tasdigʻidir.
Yangi amaliyotlar markazida beshta taʼlim yoʻnalishlarining 200 dan ortiq laboratoriya mashgʻulotlarini bajarish uchun yetarli sharoitlar yaratilgan. Undagi zamonaviy dasturiy taʼminot va ilgʻor texnologiyalar talabalarning real loyihalar ustida ishlash orqali professional koʻnikmalarini rivojlantirishiga zamin yaratadi.
— Talabalarimiz hozirgi kunda global texnologiyalar darajasida bilim olish imkoniyatiga ega, — deydi Avtomatika va energetika fakulteti dekani Aʼzamxoʻja Mamaxonov. — Bu laboratoriyada yuqori sifatli mashgʻulotlar oʻtkazish orqali bitiruvchilarimizni xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis sifatida tayyorlash bilan yanada mustahkamlanadi.
Markazda oziq-ovqat texnologiyalari yoʻnalishida taʼlim olayotgan talabalar uchun “Tomat mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi” laboratoriyasi ham foydalanishga topshirildi. Unda pomidorni qayta ishlash jarayonida qoʻllaniladigan zamonaviy texnologiyalar bilan tanishish, mahsulot sifatini oshirish boʻyicha ilmiy asoslangan usullarni oʻrganish mumkin. Mazkur laboratoriya mashgʻulotlari qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatiga yoʻnaltirish sohasini tanlagan talabalar uchun amaliy koʻnikma maktabi vazifasini bajaradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring