Institut bitiruvchilari yaratgan dizayndagi mahsulotlar xorijga eksport qilinmoqda

16:13 16 Yanvar 2024 Jamiyat
527 0

Bugungi kunda Namangan toʻqimachilik sanoati instituti tomonidan viloyatdagi 40 dan ortiq korxonalar bilan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. Buning dastlabki samaralari haqida aytadigan boʻlsak, 4+2 dasturi doirasida ishga olingan talabalar tomonidan dizaynerlik loyihalari asosida tayyorlangan mahsulotlar xorijga eksport qilinmoqda.

OTMning toʻqimachilik dizayn fakultetining 54 nafar bitiruvchi-talabasi “NT holding“ toʻqimachilik klasterida amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga jalb etilgan. Ular haftaning toʻrt kunida institutda nazariy va ikki kunida esa ishlab chiqarish subyektida oʻquv amaliy mashgʻulotlarini oʻtkazadilar. Dizaynerlik yoʻnalishida 23 nafar yosh yigit-qiz darsdan boʻsh vaqtlari hisobga olinib, mustaqil ishga ham qabul qilingan. Oʻziga xos iqtidor sohibasi Manzura Qudratova asli qoʻqonlik. Aʼlo oʻqish bilan birga oʻz sohasining yetuk mutaxassisi boʻlishni maqsad qilgan iqtidorli talaba yaratgan oʻndan ortiq loyihalar xorijdagi hamkorlar tomonidan maʼqullanib, ishlab chiqarishga joriy etildi.

— 4+2 dasturidan baraka topayotgan talabalardanman, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Nega deganda, men oʻqish davomida mazkur korxonaga shartnoma asosida ishga ham qabul qilindim va bu yerda matolarning dizaynini yaratish bilan shugʻullanyapman, — deydi M. Qudratova.

Yaqinda Manzura korxona rahbarlari, xorijlik hamkorlar, institut professor oʻqituvchilari va dizaynerlar uchun oʻzining yangi loyihasi taqdimotini oʻtkazdi. Bahor fasliga moʻljallangan mazkur loyihada isteʼmolchiga iliq kayfiyat beruvchi ranglar jilosiga asosiy eʼtibor qaratilgani yigʻilganlar tomonidan alohida eʼtirof etildi.

Aytish lozimki, hozirgi paytda mazkur toʻqimachilik klaster korxonasining ip-yigiruv, toʻquv-boʻyash va tikuv korxonalarida koʻplab talabalar mehnat qilyapti. Oʻrnatilgan hamkorlik aloqasi talabalarda amaliy koʻnikmalarni shakllantirish barobarida ularning kelajakda doimiy ish oʻrni bilan taʼminlash imkoniyatini ham yaratmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер