“Inson tafakkurining quvvati va kengligi avvalo muallim tarbiyasiga bogʻliq”
Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning shunday ibratli soʻzlari bor: “Inson tafakkurining quvvati va kengligi avvalo muallim tarbiyasiga bogʻliq”. Bu esa mashaqqatli, olijanob kasb egalari faoliyatiga berilgan yuksak bahodir.
Binobarin, taʼlim-tarbiya – har qaysi davlat va jamiyatning nafaqat bugungi, balki ertangi kunini ham hal qiladigan eng muhim va ustuvor masaladir. Shu bois mamlakatimizda oʻqituvchilik kasbining nufuzini oshirish va jamiyatdagi maqomini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Soʻnggi yillarda maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish, maktab taʼlimida 11 yillik tizimga oʻtish, nodavlat taʼlim xizmati koʻrsatish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirildi.
Prezidentimizning 2017-yil 30-sentyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi. Yangi bogʻchalar qurilib ishga tushirilgani, bu maskanlarda taʼlim-tarbiya ishlari mazmun va sifat jihatidan eng ilgʻor usul va vositalar yordamida olib borilayotgani aytish mumkinki, sohaga qaratilayotgan katta eʼtiborning namunasidir.
Yurtimizda bogʻcha, maktab va oliy taʼlim tizimida ishlayotgan tarbiyachilar, oʻqituvchilar mehnatini munosib qadrlash, ularning ish haqini, jamiyatdagi nufuzini oshirish boʻyicha muhim qadamlar qoʻyilayotgani ham shak shubhasiz, taʼlim sifatini yaxshilashga xizmat qilayotir.
Yana bir muhim jihat, 2019-yildan boshlab mutaxassis oʻqituvchilarning oshirilgan oylik ish haqi miqdori 54 foizga, oliy toifali pedagoglarniki esa 64 foizga yetkazildi. Har yili qishloq va shaharlarda arzon uy-joylar qurish dasturlari asosida qurilayotgan uy-joylarning bir qismini pedagog xodimlarga 25 yil muddatga imtiyozli ipoteka krediti sifatida berila boshlandi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 5-sentyabrdagi “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni esa bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi boʻldi, desak yanglishmaymiz. Zotan, ushbu hujjatda xalq taʼlimi muassasalarini boshqarish tizimini takomillashtirish, moddiy-texnik va oʻquv-metodik bazasini mustahkamlash, ayniqsa, “Zamonaviy maktab” davlat dasturini tayyorlash boʻyicha muhim masalalar belgilab qoʻyilgan.
Xulosa qilib aytganda, bugun yurtimizda xalq taʼlimi tizimida ulkan oʻzgarish va yangiliklar roʻy bermoqda. Asosiysi, bu muhim yoʻnalish davlatimiz rahbarining doimiy diqqat-eʼtiborda. Bunday ehtirom oʻqituvchilarni yana-da fidoyi boʻlishga, navqiron avlodga bilim berish, uni tarbiyalashdek ulugʻvor ishga katta masʼuliyat bilan yondashishga undamoqda.
Mavluda IBRAGIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring