Inson huquqlari bola huquqlarini taʼminlashdan boshlanadi

18:33 02 Oktyabr 2023 Jamiyat
268 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Mamlakatimizda bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish va ularni himoya qilish, bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, nogironligi boʻlgan bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bolalarga gʻamxoʻrlik qilish, ularni doimo qoʻllab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilish, ularning jismoniy, intellektual, maʼnaviy va axloqiy kamol topishiga koʻmaklashishga davlat siyosati darajasida katta eʼtibor qaratilmoqda. Zero, hayotimiz davomchilari, kelajagimiz vorislari boʻlgan bolalar mamlakatning katta xazinasidir.

Yigʻilishda qayd etilganidek, bugungi kunda milliy qonunchiligimizda bola huquqlari bilan bogʻliq boʻlgan qonun hujjatlari soni 40 dan, qonunosti hujjatlari soni 500 dan ortiqni tashkil etadi. Bu esa bola huquqlari sohasidagi qonunchilik bilan ixtisoslashgan holda ish olib borish hamda uning ijrosi boʻyicha taʼsirchan mexanizmlarni yaratish zaruriyatini yuzaga keltirdi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida bola huquqlariga doir koʻplab ustuvor vazifalar oʻrin olganki, loyihaning qabul qilinishi bolaning huquq va erkinlilarini himoya qilish borasida Bolalar ombudsmanining davlat organlari, huquqni muxofaza qiluvchi tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi kuchayadi.

Bularning barchasi adolatni har bir inson uchun, har bir insonning huquqlarini eng oliy qadriyat deb hisoblovchi Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi gʻoyalariga toʻla hamohangligi bilan ahamiyatlidir.

Muhokamalar davomida deputatlar partiya pozitsiyasidan kelib chiqib, qonun loyihasi yuzasidan oʻz takliflari, fikr-mulohazalarini bildirdi. Loyihadagi ayrim normalar yuzasidan bir qator savollarni oʻrtaga tashlashdi va ularga batafsil javoblar olindi.

Qizgʻin davom etgan baxs-munozaralardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan maʼqullandi.

Yigʻilishda kun tartibidan oʻrin olgan boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер