Inglizchani inglizlarday gapiradigan oʻn uch yoshli qiz
Foto: “Xalq soʻzi”
Til bilgan el biladi, bilimi mustahkamlanadi. Davlatobod tumanidagi 58 – umumtaʼlim maktabining 8-sinf oʻquvchisi Mohinur Tohirova inglizchada bemalol soʻzlashi bilan koʻpchilikni hayratga soladi. U yaqinda IELTS sinovlarida 7 ballni qoʻlga kiritib, yosh toifasiga koʻra viloyatda eng yaxshi natijalardan birini qayd etdi.
Ingliz tili va matematika fanlari boʻyicha puxta bilimga ega 13 yoshli iqtidor egasi hozirda FLEX dasturi hamda xalqaro SAT imtihoniga tayyorgarlik koʻrmoqda.
— Sakkiz yoshimdan xorijiy tilni mukammal oʻzlashtirishga kirishganman, —deydi iqtidorli qiz.— Maqsadim oʻrta maktabni tugallagach, jahonga mashhur Garvard universitetining xalqaro iqtisodiyot yoʻnalishida tahsilni davom ettirish. Matematika va boshqa asosiy fanlarni puxta oʻzlashtirishim orzuyimga qanot boʻladi, deb oʻylayman.
Qayd etish lozimki, Namangan viloyatidagi umumtaʼlim maktablarida IELTS sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, maxsus sertifikatga ega boʻlayotganlar soni yildan-yilga oshib bormoqda. Birgina joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyida shunday darajaga erishgan yoshlar soni 623 tani tashkil etgani buning yaqqol tasdigʻidir.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring