Infografika: Jahonda paxta ishlab chiqarish taqsimoti — Oʻzbekiston ulushi qanday?
Illyustrativ foto
Jahonda paxtaning asosiy qismi sanoqli davlatlar tomonidan ishlab chiqariladi. Bu esa global bozorda raqobat va narx shakllanishiga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda. AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligi (USDA) prognozlari va Trading Economics tahlillariga koʻra, yetakchi oʻrinlarni Xitoy, Hindiston va Braziliya egallab turibdi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston ham mazkur bozorda barqaror ishtirokchi sifatida oʻz oʻrniga ega boʻlib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan eʼtibor qozonmoqda.
Xitoy 7,7 million tonna (29 foiz) paxta ishlab chiqarish bilan dunyoda yetakchi boʻlib qolmoqda. Unda, ayniqsa, Sinszyan hududidagi yuqori darajada mexanizatsiyalashgan ishlab chiqarish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Hindiston esa 5,1 million tonna (19 foiz) bilan ikkinchi oʻrinda, ammo mamlakatdagi hosildorlik musson yomgʻirlariga kuchli bogʻliqligi sabab barqaror emas. Braziliya 4,2 million tonna (16 foiz) bilan uchinchi oʻrinni egallab, eksportga yoʻnaltirilgan agrosanoat orqali oʻz ulushini kengaytirmoqda.
AQSH taxminan 3 million tonna (12 foiz) ishlab chiqarish bilan toʻrtinchi oʻrinda boʻlsa-da, jahondagi eng yirik paxta eksportchisi hisoblanadi. U asosan Xitoy, Vyetnam va Bangladesh bozorlariga mahsulot yetkazib beradi. Mamlakatda ishlab chiqarish hajmi koʻp jihatdan iqlim sharoitlari, xususan, Texas shtatidagi qurgʻoqchiliklarga bogʻliq.
Oʻzbekiston esa taxminan 0,6 million tonna (2 foiz) paxta ishlab chiqarish bilan jahon bozorida munosib ulushga ega. Soʻnggi yillarda tarmoqda amalga oshirilayotgan islohotlar, klaster tizimining joriy etilishi va qoʻshimcha qiymat zanjirini rivojlantirishga qaratilgan choralar mamlakat pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, Pokiston (1,1 mln tonna), Avstraliya (1 mln tonna) va Turkiya (0,7 mln tonna) kabi davlatlar ham sezilarli hissaga ega.
Paxta ishlab chiqarishning eng asosiy qismi sanoqli davlatlarda jamlangani global bozorni aynan shu mamlakatlardagi qarorlar va sharoitlarga bogʻlab qoʻymoqda. Xususan, iqlim oʻzgarishlari yoki siyosiy omillar ushbu davlatlarda yuz bersa, bu jahon miqyosida taklif va narxlarga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring