Indoneziyada vertolyot halokatga uchradi. Sakkiz kishi halok boʻldi
Indoneziyaning Gʻarbiy Kalimantan provinsiyasida vertolyot halokatga uchrashi oqibatida bortda boʻlgan sakkiz kishi halok boʻldi. Bu haqda Indoneziya qutqaruv xizmati rahbari Muhammad Syafiy xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 16-aprel kuni ertalab Melavi hududidagi plantatsiyadan uchib chiqqanidan “Airbus H130” rusumli vertolyot besh daqiqa oʻtib aloqadan uzilgan.
Muhammad Syafiyning soʻzlariga koʻra, ayni paytda qutqaruv guruhlari jasadlar va vertolyot qoldiqlarini topish ishlarini olib bormoqda. Biroq halokat sodir boʻlgan hudud zich oʻrmonlar va tik tepaliklardan iboratligi qutqaruv ishlarini qiyinlashtirmoqda. Qutqaruvchilar aloqa uzilgan joydan taxminan 3 kilometr gʻarbda vertolyotning dum qismiga oʻxshash parchalarni topgan.
Halokat sabablari hozircha nomaʼlum. Mahalliy qutqaruv xizmati vakilining maʼlum qilishicha, bortda boʻlgan olti nafar yoʻlovchi va ikki nafar ekipaj aʼzosi halok boʻlgan.
Qutqaruv ishlariga harbiylar va politsiya xodimlari jalb etilgan boʻlib, ular juma kuni halokat joyiga quruqlik orqali yetib borishga harakat qilmoqda. Maʼlum boʻlishicha, vertolyot Indoneziyaning “Citra Mahkota” kompaniyasiga qarashli plantatsiyadan uchgan va u “Matthew Air Nusantara” kompaniyasiga tegishli boʻlgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring