Imtihonlarsiz xorijiy til bilish sertifikatini olib berishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi
Toshkent shahrida xorijiy til bilish sertifikatlarini soxta yoʻl bilan olib berishga urinish holati fosh etildi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahri boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur holatga chek qoʻyildi.
Maʼlumotlarga koʻra, fuqaro D.S. fuqaro F.A.ga hech qanday imtihonlarsiz “TOEFL IBT Home Edition” xorijiy til bilish sertifikatini olib berishni vaʼda qilgan. U bu xizmat uchun 1,4 ming AQSH dollari talab qilib, shundan 700 AQSH dollarini olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Huquq-tartibot organlari mazkur holat boʻyicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishini qoʻzgʻatdi. Hozirda ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda va qonunbuzarlikka aloqador shaxslar aniqlanmoqda.
Mutasaddilar taʼkidlashicha, hujjatlarni soxtalashtirish va qonunbuzarliklar orqali sertifikatlarni qoʻlga kiritish harakatlari javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin. Shu bois, fuqarolardan rasmiy tartibda imtihon topshirish va har qanday soxta takliflarga uchmaslik soʻralmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring