IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq jamoaviy murojaat eʼtiborsiz qoldirildimi?
Ushbu savolga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat SHARAFUTDINOV quyidagicha javob berdi:
"Ijtimoiy tarmoqlarda shu kunlarda respublikada mobil qurilmalarni xalqaro oʻziga xos identifikatsiya kodlari asosida roʻyxatga olish (IMEI-kodlari) masalasi koʻp muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Yaʼni, 2020-yil boshlarida “Mening fikrim” veb-portaliga kelib tushgan va belgilangan tartibda yetarlicha ovoz toʻplagan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq jamoaviy murojaat parlament tomonidan koʻrib chiqilmayotganligi, eʼtiborsiz qoldirilayotganligi masalasi koʻtarilgan.
Avvalo, aytish lozim yuqoridagi jamoaviy murojaatni koʻrib chiqish uchun Qonunchilik palatasida Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi aʼzolari tashkil etgan hamda soha mutaxassislari jalb etilgan ishchi guruh shakllantirilib, oʻz vaqtida parlament tomonidan koʻrib chiqilgan.
Oʻrganishlar yakuni boʻyicha muhokamalar asosida 2020-yil 3-iyundagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining tegishli qarori qabul qilinib, undan keng jamoatchilik xabardor boʻlishi uchun qonun hujjatlari milliy bazasi(lex.uz)ga joylashtirilgan. Demak, jamoaviy murojaat parlament tomonidan eʼtiborsiz qoldirilmagan. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan eʼtirozlar oʻrinli deb hisoblayman, chunki qaysidir bir masʼulning eʼtiborsizligi oqibatida “Mening fikrim” veb-portalidagi ushbu murojaat statusi oʻzgartirib qoʻyilmagan va oʻz-oʻzidan savol keltirib chiqargan.
Endi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qarorga qaytadigan boʻlsak, unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi oʻz vakolati doirasida Vazirlar Mahkamasiga fuqarolarning elektron jamoaviy murojaati boʻyicha ishchi guruh tomonidan tayyorlangan maʼruzada taqdim etilgan taklif va kamchiliklarni inobatga olgan holda mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish tizimini yana-da takomillashtirish boʻyicha ishlarni davom ettirish tavsiya etildi. Tabiiyki, savol tugʻiladi: berilgan tavsiyalar asosida qanday ishlar amalga oshirildi?
Ushbu tavsiyalarga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi “Oʻzbekistonda foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan quyidagi yoʻnalishlarda aniqlik kiritildi:
– jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro pochta yoki kuryerlik joʻnatmalari orqali olib kirilgan mobil qurilmalarni Davlat bojxona qoʻmitasining maʼlumotlar bazasiga avtomatik murojaat etish orqali tekshirish tartibi belgilandi;
– mobil qurilmalarni I-sim slot roʻyxatdan oʻtgan taqdirda II-sim slotlarini roʻyxatga olish tartibi soddalashtirildi;
– sud qaroriga koʻra, davlat egaligiga oʻtkazilgan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi belgilandi;
– xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlar mobil qurilmalarining IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazishni soddalashtirilgan tartibi belgilandi;
– chet davlat fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan, yashash guvohnomasiga ega shaxslarga mobil qurilmalarni roʻyxatga olishni onlayn tarzda amalga oshirish yoʻlga qoʻyish uchun zarur tamoyillar belgilandi;
– Oʻzbekiston Respublikasi hududida mobil qurilmalar chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirish sanasidan qatʼiy nazar, ularni roʻyxatdan oʻtkazish uchun javobgarligi belgilandi.
Shunday boʻlsada, IMEI kodini roʻyxatdan oʻtkazish toʻlovi nimaga joriy qilingan, fuqarolar nega qoʻshimcha pul toʻlash evaziga mobil qurilmani roʻyxatdan oʻtkazishi kerak degan savollar koʻp muzokaralarga olib kelmoqda.
Koʻrsatib oʻtish joizki, “ushbu toʻlovlarni isteʼmolchi, yaʼni oddiy fuqaro toʻlaydi” degan notoʻgʻri tushuncha shakllanib qolgan. Ushbu toʻlovni isteʼmolchi toʻlamaydi, balki mobil qurilmani import qilayotgan shaxs yoki ishlab chiqaruvchi toʻlaydi. Faqatgina, agar fuqaro oʻzi chet elga chiqqanda sotib olgan boʻlsa yoki pochta orqali buyurtma bergan boʻlsa, shu holda toʻlovni oʻzi amalga oshiradi.
Taʼkidlash joiz, 2019-yilning noyabr oyigacha respublikamizga olib kirilgan smartfonlar va boshqa turdagi mobil qurilmalarning aksariyati rasmiy ravishda, yaʼni davlat chegarasidan oʻrnatilgan tartibda olib kirilmagan. Boshqacha qilib aytganda, ushbu yoʻnalishdagi biznes, yashirin iqtisodiyotning bir yoʻnalishi hisoblangan. Erkin savdoda boʻlgan mobil qurilmalarning deyarli 87 foizi davlat hududiga yashirin ravishda olib kirilgan. Tasavvur qiling, Oʻzbekiston aholisi 34 milliondan oshgan boʻlsa, bu bozorda qancha mablagʻ aylangan.
Tahliliy natijalarga koʻra, 2018-yilda respublikamizga mobil telefonlar importi 13,5 mingta dona va umumiy qiymati 1,8 mln. AQSH dollarini tashkil qilgan boʻlsa, 2019-yilning yanvar-oktyabr oylarida mazkur raqamlar mos ravishda qariyb 80 ming donaga va 5,5 mln. dollarga koʻpaygan. 2019-yil noyabr-dekabr oylarida esa Oʻzbekistonga rasman olib kirilgan mobil telefonlarning soni 460,8 ming donaga va umumiy qiymati 17,4 mln. dollarga yetgan.
Raqamlar shuni koʻrsatadiki, 2018-yilga nisbatan 2019-yil yakuniga koʻra, yurtimizga mobil qurilmalar importi keskin ravishda koʻpaygan. Lekin aslida, Oʻzbekistonga 2018-yilda ham soxta kirib kelgan mahsulotlarning soni 500 ming donadan ortiqni tashkil etgan boʻlishi mumkin. Keyinchalik soxta telefonlar roʻyxatga olinmasdan, bozorlarimizda noqonuniy sotilavergan. Bunday noqonuniy savdodan tushgan mablagʻ ham davlat byudjetini chetlab oʻtavergan.
Shuni ham aytish kerakki, aholi ishlatayotgan telefonlar sifatiga, texnik kafolatiga, xavfsizligiga, ichida joylashtirilgan dasturlarga hech kim kafolat berolmaydi. Eng achinarlisi, bunday holat hech kimni qiziqtirmagan va muammo yechimi nazardan chetda qolgan.
Shu sabab, respublikamizda mobil qurilmalarni IMEI-kodlari asosida roʻyxatga olish tizimining joriy etilishi masalasiga mobil aloqani rivojlantirish, zamonaviy servis xizmatlarini joriy etish, isteʼmolchilar uchun sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish, ichki bozorda kontrafakt mahsulotlar aylanishiga qarshi tegishli choralar koʻrish hamda telekommunikatsiya bozorida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning bir boʻlagi deb qarasak, maqsadga muvofiq boʻladi.
Hozirgi paytda mamlakatimizda telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishni zamon talabi va xorijiy tajribaga mos rivojlantirishning yangi bosqichi olib borilmoqda. Shuningdek, IT texnologiyalari rivojlanishi davrida mobil qurilmalarning sifati va xavfsizligiga kafolat beradigan bozorning shakllanishi bugungi kun talabi boʻlib qolmoqda. Umid qilamizki, IMEI-kodlari asosida roʻyxatga olish tizimi bozordagi shaffoflikni yana-da oshiradi, soxta mahsulotlarni respublika hududiga olib kelish hajmini keskin kamaytiradi".
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring