Ikki qardosh elning ardoqli shoiri
Foto: Xalq so‘zi
Fargʻona davlat universitetida Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Ibroyim Yusupov ijodiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Ikki qardosh elning ardoqli shoiri ijodiga bagʻishlangan badiiy koʻrgazma, qoraqalpoq xalqining milliy madaniyati va turmush tarzi aks etgan sahna koʻrinishlari hamda qoraqalpoq oʻtovi namoyishi ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Tadbir doirasida serqirra ijodkorning boy adabiy-maʼnaviy merosi, vatanparvarlik gʻoyalari mavj urgan sheʼriyati, ibratli hayot yoʻliga bagʻishlab tashkil etilgan «Ibroyim Yusupov xonasi»ning ochilish marosimi ham oʻtkazildi.
Adabiy-badiiy kechada Ibroyim Yusupov asarlari asosida yaratilgan spektakl namoyish etildi. Adib ijodi namunalaridan mushoira, oʻzbek va qoraqalpoq tillarida jaranglagan qoʻshiqlar, joʻshqin raqslar tadbirga yanada fayz bagʻishladi.
Shuningdek, FarDU tomonidan Ibroyim Yusupov maʼnaviy va adabiy meʼrosini abadiylashtirish, uning ijodini talaba-yoshlarga chuqur oʻrgatish maqsadida eʼlon qilingan “El farzandi” mavzusidagi sheʼrlar hamda rasmlar koʻrik-tanlovida faol qatnashgan, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan bir guruh talabalar pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirildi.
— Bugun Fargʻona davlat universitetida Ibroyim Yusupovning ijod bayramida ishtirok etayotganimdan hursandman, — deydi Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Oʻrozboy Abdurahmonov. — XIX asrda qoraqalpoqning klassik shoirlardan biri Berdaq boʻlsa, XX asrda Ibroyim Yusupov edi. Ustoz ijodkorni Fargʻonada shunday eʼzozlashlarini koʻrib, behad chogʻ boʻldim.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring