IIV nashrlari 90 yoshga toʻldi
Oʻzbekiston Respublikasi IIVning “Postda” va “Na postu” gazetalari 1930-yil 12-maydan chiqa boshladi. Gazetalar dastlab faqat ichki ishlar xodimlariga moʻljallangan boʻlib, unda respublika ichki ishlar idoralari xodimlari faoliyatiga oid materiallar berib borilgan. Oʻsha davrda bir oyda uch marta, 150 nusxada chop etilgan boʻlsa, 50-yillarga kelib, gazetalar tiraji 6 mingga yetdi. Tahririyat xodimlarining saʼy-harakati bilan 1960-yildan eʼtiboran haftasiga ikki marta 10 ming nusxada chiqa boshladi.
1965-yil 1-avgustdan boshlab nashrlarning keng jamoatchilikka moʻljallangan yakshanba sonlarini chop etish yoʻlga qoʻyildi. Gazetalar tez ommalashdi, mushtariylarning talab-ehtiyojlaridan kelib chiqib, 1970-yildan gazetalar haftada uch marta bosila boshlandi.
XX asrning 90-yillari boshida Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tashabbusi bilan 1990-yilda “Postda” va “Na postu” gazetalarini qayta tiklashga qaror qilindi. 1991-yil 1-yanvarda ikki tilda alohida chop etilgan nashrlarning ilk soni ichki ishlar xodimlari va keng jamoatchilikka yetib bordi.
Dastlab toʻrt sahifadan iborat boʻlgan gazetalarni haftada uch marta chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Tahririyat moddiy bazasi mustahkamlangach, sahifalar soni sakkiztaga yetkazildi, keyinchalik esa 16 sahifada chop etila boshlandi. Nashrlarni qayta tiklashda Zokir Atayev, Gʻayrat Boltaboyev, Konstantin Timoxin, Siddiqxoʻja Sulaymonxoʻjayev, Habibulla Shodiyev kabi insonlarning ham xizmati katta boʻldi.
1998-yilning mart oyida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyrugʻi bilan “Postda” va “Na postu” gazetalari tahririyati bazasida respublika IIV Birlashgan tahririyati tashkil etildi. oʻsha yil sentyabr oyida “Qalqon” va “Щit” jurnallarini chop etish yoʻlga qoʻyildi.
Gazeta va jurnallarda berilayotgan materiallarning saviyasi yaxshilandi, mundarijasi kengaytirildi, maqolalarning har bir nashr uchun alohida- alohida, aynan bir-birini takrorlamaydigan qilib tayyorlashga eʼtibor kuchaytirildi, dizayni zamon talabiga javob beradigan darajaga keltirildi. “Postda” va “Na postu” gazetalarida “Sulola”, “Dinastiya”, “Ibrat”, “Soha fidoyilari”, “Qonun – huquq kafolati” kabi sahifalar ham tashkil etildi.
“Qalqon” va “Щit” jurnallarida ichki ishlar idoralari xodimlarining mashaqqatli xizmatini tahliliy yoritishga, xorij ichki ishlar idoralari tizimlari faoliyatiga bagʻishlangan materiallarga, sud ocherklariga, badiiy iqtidorga ega ichki ishlar xodimlari asarlarini chop etib borishga asosiy eʼtibor qaratildi.
2009-yilga kelib “Postda” va “Na postu” gazetalarining umumiy adadi 62 mingdan oshgan boʻlsa, “Qalqon” va “Щit” jurnallarining umumiy tiraji qariyb 15 mingtaga yetdi.
Shu oʻrinda IIV Birlashgan tahririyati ijodiy xodimlarining faoliyatlari mamlakatimiz miqyosida alohida eʼtirof etilayotganini aytib oʻtish oʻrinli boʻlardi. Respublika Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan “Eng yaxshi huquqiy maqola” koʻrik-tanlovida tahririyatning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha oʻz muxbiri Durdiboy Xudoyshukurov Faxriy yorliq va ragʻbatlantiruvchi mukofotni qoʻlga kiritdi. Tahririyat muxbiri, mayor Muhabbat Ibragimova Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan oʻtkazilgan “Matbuot malikasi – 2008” tanlovida sovrindor boʻldi. Huquqiy targʻibot borasida faollik koʻrsatgan boʻlim mudiri Bobomurod Toshev Adliya vazirligi tomonidan taqdirlandi. Tahririyat fotomuxbiri Abu Kenjayev “Oltin qalam” xalqaro tanlovida “Eng yaxshi fotoreportaj” nominatsiyasi gʻolibi deb topilib, qimmatbaho mukofot va maxsus diplom bilan taqdirlandi. Tahririyat boʻlim mudiri Yelena Kuznetsova “Inson huquqlari jurnalist nigohida” koʻrik-tanlovida faxrli uchinchi oʻrinni egalladi. Shuningdek, tahririyatimiz ekologiya mavzusini yoritishda faollik koʻrsatgani uchun “Ekosan” xalqaro tashkilotining maxsus sovgʻasiga sazovor boʻldi.
2020-yilda 12-may kuni IIV nashrlari boʻlgan – “Postda” va “Na postu” gazetalari oʻzining 90 yilligini nishonlamoqda. Tahririyat xodimlari ushbu sanani munosib yutuqlar bilan kutib olishmoqda. Ularning kelgusidagi maqsadlari ham el xizmati yoʻlida ijodiy izlanishlarni jadal davom ettirishdir.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring