Ichki yoʻllar yangicha yondashuv asosida taʼmirlanmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Andijonda ichki koʻchalarni sement beton bilan qoplash tajribasi tobora ommalashmoqda. Bunda qoplama qalinligi asfaltga nisbatan 3 barobarga ortgani holda xarajatning sezilarli darajada kamligi yoʻlsozlar uchun ayni muddao boʻlayotir. Masalan, 2022-2026-yillar davomida Andijon viloyatida 800 km. uzunlikdagi ichki yoʻllarni shu tarzda taʼmirlash orqali 58 mlrd. soʻm mablagʻni iqtisod qilish moʻljallanmoqda.

Qoʻrgʻontepa tumanidagi Yortiboshi mahallasida ham yoʻlsozlikda yangicha yondashuvdan foydalanilyapti. Qirgʻiziston Respublikasi bilan chegara hududda joylashgan ushbu mahallaning 4 km. uzunlikdagi ichki yoʻllari sement beton bilan qoplanmoqda. Bundan, eng avvalo, mana shu mahallada istiqomat qiluvchi aholi minnatdor.
— 1970-yildan buyon shu mahallada yashayman, — deydi Abdumannob Sobirov. — Oʻtgan davrda mahallamiz yoʻllarida bu qadar keng koʻlamdagi ishlar amalga oshirilmagan edi. Ayniqsa, ichki koʻchalar beton qoplamali yoʻlga aylantirilayotganidan xursandmiz.
Maʼlumot uchun. Joriy yilda Andijon viloyatida 270 km ichki yoʻllar sement beton qoplamali yoʻlga aylantirilishi rejalashtirilgan.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring