Ichki ishlar vaziri parlament soʻroviga javob berdi
Mamlakatimizda keyingi yillarda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida yurtimizda davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi izchillik bilan takomillashtirilmoqda va modernizatsiya qilinmoqda. Bu esa xalqimiz farovonligini yanada oshirish, ularga qulaylik va shart-sharoitlar yaratib berish uchun xizmat qilayotir.
Ammo hozirgi davr aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda koʻrsatish koʻlamini oshirish va fuqarolarning idoralarda sarson boʻlib yurishining oldini olish, davlat organlari axborot tizimida mavjud maʼlumotlarni ishonchli himoya qilish boʻyicha ishlarni izchil davom ettirishni taqozo etadi.
Boisi ID-karta va haydovchilik guvohnomasini olish, avtotransport vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, avtotransport vositasiga davlat raqami berishda ayrim holatlarda davlat xizmatlarining hamon elektron shaklda amalga oshirilmasdan, anʼanaviy shaklda olib borilayotgani, navbatlar sonining koʻpligi fuqarolarning eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Hududlarda vakolatli idoralarning quyi boʻgʻin tashkilotlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yetishmovchiligi yoki internet tezligining pastligi elektron davlat xizmatlarining koʻrsatkichlari past darajada saqlanib qolishiga olib kelyapti.
Shundan kelib chiqib, joriy yil 14-fevral kuni Ichki ishlar vaziri P.Bobojonovga “Ichki ishlar organlari tomonidan aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatishda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament soʻrovi yuborilgan edi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar ushbu parlament soʻroviga Ichki ishlar vazirining javobini atroflicha koʻrib chiqdilar.
Parlament soʻroviga kelgan javobda qayd etilganidek, Ichki ishlar vazirligi sohasida davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi izchillik bilan takomillashtirilib, modernizatsiya qilinmokda. Jismoniy va yuridik shaxslarga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarini ”yagona darcha” tamoyili boʻyicha taqdim etilishi yuzasidan qator ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti.
Xususan, ichki ishlar organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida talab yuqori boʻlgan 9 turdagi xizmat davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga taqdim etilishi yoʻlga qoʻyildi.
-Sudlanganlik haqida maʼlumotnoma berish;
-Manzil-maʼlumot axborotlarini taqdim etish;
-Haydovchilik guvohnomasini almashtirish va yoʻqolganlari oʻrniga yangisini berish;
-Vaqtincha roʻyxatga olish (Toshkent shahri va Toshkent viloyati);
-Doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish, roʻyxatdan chiqarish, vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish;
-Radioaktiv chiqindilardan tashqari xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish yoʻnalishi sxemalarini kelishish;
-Chet el diplomatik korpus xodimlari va ishchilariga, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga haydovchilik guvohnomalarni berish;
-Avtomobil yoʻllari va koʻchalari boʻyida joylashgan AZS, AGNKS va AGZS stansiyalarini qurish loyihalarini kelishish;
Shuningdek, ogʻir vaznli va katta hajmli yuklarni avtomobil transportida tashishda yoʻnalish sxemalarini kelishish kabilar shular jumlasiga kiradi.
Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xizmatlari koʻrsatish jarayonlarini yanada unifikatsiyalash va avtomatlashtirish maqsadida axborot tizimlarini yaratishda yagona texnologik yondashuvni taʼminlash hisobiga hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadallik bilan rivojlantirish natijasida Davlat xizmatlari Yagona reyestriga muvofiq IIO tomonidan koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari 55 tani tashkil etadi.
Yangi Oʻzbekistonni barpo etish davrida alohida eʼtibor fuqarolarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda ortiqcha ovoragarchilikning oldini olish, navbat kutib turish kabi holatlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Reyestrga muvofiq, aholiga taqdim etiladigan xizmatlardan 19 turdagi davlat xizmatlarini elektron tarzda koʻrsatish yoʻlga qoʻyilib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali masofaviy tarzda hamda davlat xizmatlari markazlari tomonidan koʻrsatib kelinmoqda. Qolgan 36 tasi anʼanaviy shaklda boʻlib, bular asosan fuqarolarning IIOga tashrifi asosida amalga oshirilishi zarur boʻlgan xizmatlardir.
Parlament soʻroviga kelgan javobda ichki ishlar organlari tomonidan koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarini ustuvor ravishda elektron shaklga oʻtkazish boʻyicha Hukumat tomonidan belgilangan chora-tadbirlar natijasida fuqarolarga qoʻshimcha qulayliklar yaratilayotgani keltirilgan.
Jumladan, Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda tegishli tashkiliy-texnik tadbirlar amalga oshirilib, fuqaroning roziligi asosida biometrik pasport (xorijga chiqish biometrik pasporti) yoki ID-kartadagi fotosuratni avtomatik ravishda yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga biriktirish mexanizmi yaratildi. Shuningdek, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga fuqaroning imzosini (guvohnomaning 7-bandi) qoʻyish amaliyoti bekor qilinib, fuqarolar tomonidan mazkur davlat xizmatini toʻliq masofadan turgan holda olish joriy etildi.
Majlisda deputatlar parlament soʻroviga javobda koʻtarilgan masalalar boʻyicha atroflicha maʼlumotlar taqdim etilganini eʼtiborga olib, ushbu parlament soʻrovi yuzasidan tayyorlangan Qonunchilik palatasining qaroriga bir qator takliflar ham berdi.
Muhokamalarga boy boʻlgan majlisda kun tartibidagi masala tegishli qoʻmitaning doimiy nazoratida boʻlishi alohida taʼkidlanib, parlament soʻroviga yuborilgan javob maʼlumot uchun qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring