Ichki bozorda sut va goʻshtning tannarxi arzonlashadi
Ohangaron tumanidagi “Abdurahim ota” MCHJda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyati Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish toʻgʻrisida”gi 890-sonli qarori ijrosi yuzasidan oʻquv-amaliy seminar oʻtkazildi. Unda, tumandagi sektor rahbarlari, chorvachilik yoʻnalishidagi fermerlar va mutaxassislar ishtirok etishdi.
Tumandagi chorvachilikning buguni ahvoli, qishlovgv tayyorgarlik koʻrish jarayonlari tahlil qilingan seminarda bu boradagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish masalalari koʻrib chiqildi. Oʻz ishiga sovuqqonlik bilan yondashayotgan va ajratilgan kredit mablagʻlari hamda yer maydonlaridan unumli foydalanmayotgan ayrim loyihachilarning faoliyati tanqidiy tahlil etildi.
Tadbirda “Abdurahim ota” MCHJning 63 milliard soʻmlik loyihasi asosida barpo etilayotgan sutchilikka ixtisoslashgan chorvachilik majmuasidagi yutuqlar namuna sifatida koʻrib chiqildi. Bu majmua foydalanishga topshirilgach, yiliga 6000 tonna sut va 10 tonna goʻsht yetishtirish imkoniyati yuzaga keladi. Asosiysi, 30 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratilib, ichki bozorda sut va goʻshtning tannarxi arzonlashadi.
Ana shu yutuqlarga erishish uchun hozirda fermerga tuman hududidan jami 546 gektar yer maydoni ajratilgan.
Shodiyor MUTAHAROV
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring