Ichki bozorda oʻz oʻrniga ega korxona

17:00 06 Fevral 2024 Jamiyat
365 0

Butun mamlakatimizda boʻlgani kabi, Qashqadaryo viloyatida ham qurilish-bunyodkorlik ishlari salmogʻi ortib bormoqda. Masalan, oʻtgan 2023-yilda viloyatda amalga oshirilgan qurilish-pudrat ishlarining hajmi 9246,2 milliard soʻmga yetganidan ham bu boradagi ishlar koʻlami qanchalik kengligini bilish mumkin.

Eʼtiborli tomoni, qurilish ishlari salmogʻi oshgani sari qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish sanoati ham jadal rivojlanib bormoqda. Masalan, bundan oʻn yil avval vohada qurilish mahsulotlari ishlab chiqaradigan sanoqli korxonalar faoliyat yuritgan boʻlsa, bugun bunday subyektlar soni qariyb 900 taga yetdi. Chiroqchi tumanida faoliyat yuritayotgan “Sifat subhidam” masʼuliyati cheklangan jamiyati ulardan biri hisoblanadi.

Mazkur korxona dastlab buyurtmachilarga tayyor beton qorishmasi yetkazib berish bilan faoliyatini boshlagan edi.

— Oʻtgan yili esa faoliyatimizni yanada kengaytirish imkoniyati paydo boʻldi, — deydi MCHJ rahbari Husniddinbek Nurmatov. — Shu maqsadda tumanning Mustaqillik mahallasi hududida joylashgan kichik sanoat zonasidan yer olib, oʻz ishlab chiqarish korxonamizni barpo etdik.

Ayni paytda mazkur korxonada turli oʻlchamdagi beton plitalar, beton gʻisht, beton simyogʻochlar hamda qishloq xoʻjaligidagi uzumlarga ustunlar, latok, kalodis va suv hovuzlar ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotning ichki bozorda oʻz oʻrniga ega boʻlib borayotgani, buyurtmachilarning koʻpligi esa tadbirkorni yanada yangi loyihalarni yoʻlga qoʻyishga ilhomlantiryapti.

— Bu yil pishiq gʻisht ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirish harakatidamiz, — deydi tadbirkor. — Shuningdek, beton plitkalar ishlab chiqarishni ham maqsad qilganmiz.

Ahamiyatli jihati, ayni paytda korxonada 26 nafar kishi doimiy ish oʻrniga ega boʻlgan boʻlsa, yangi loyihalarning yoʻlga qoʻyilishi evaziga yana kamida 30 nafar yangi ishchiga ehtiyoj tugʻiladi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер