Ichimlik suvi taʼminoti yaxshilandi

16:35 14 Oktyabr 2024 Jamiyat
300 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Hududlar infratuzilmasini yaxshilash borasidagi ishlar doirasida aholi turmush sharoitini yaxshilashga boʻlgan eʼtibor koʻlami ortmoqda. Jumladan, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash borasida ham bir qancha ishlar amalga oshirildi. Natijada viloyat aholisining 3 mln. 84 ming nafari yoki 91 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Bu haqida “Andijon suv taʼminoti” AJda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

– Buning uchun 7 dona suv inshooti, 22 dona suv qudugʻi va 176,3 km. ichimlik suv tarmogʻi, 0,8 km oqava suv tarmogʻini qurish ishlari bajarildi, – deydi jamiyat direktori Dilshodbek Qoʻldashev. – Oltinkoʻl tumanidagi Qoʻshkoʻprik MFYda 3,1 km tarmoq tortish, 1 ta suv inshootini qurish orqali minglab aholining ichimlik suviga boʻlgan talabi toʻliq qondirildi. Paxtaobod tumanidagi Uchqoʻrgʻon MFYda 6,5 km tarmoq tortish va 1 ta suv inshootini barpo etish tufayli har bir xonadonga toza ichimlik suvi kirib bordi. Bunday xayrli ishlar viloyatning har bir shahar va tumanlarida davom etmoqda.

Sohaga yangi texnologiyalarni joriy etish orqali iqtisodiy tejamkorlikka erishilmoqda. Ayniqsa, energiya tejamkor nasoslarning ishga tushirilishi ijobiy natija bermoqda. Shu yilning oʻzida 113 ta ana shunday nasoslarni oʻrnatish rejalashtirilgan boʻlib, shu kungacha 400 mln. soʻmlik vositalardan foydalanildi. Barcha nasoslar ishga tushirilgach, bir yilda 4 mlrd. 124 mln. soʻm mablagʻ tejalishiga erishiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер