Hunardan baxt topayotgan qiz
Foto: Xalq so‘zi
Oramizda shunday insonlar borki, ularning matonat va iroda kuchi bilan hayotda erishayotgan yutuqlariga havasing keladi kishining. Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi “Tinchlik” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Safiya Xolmirzayeva ana shundaylar sirasidan.
Safiya maktabda 3-sinfgacha tahsil olgan. Sogʻlom va shoʻx qizaloq dugonalari kabi bolalik quvonchiga gʻarq boʻlib yurgan bir kezda revmatizm poliartrit kasaliga chalinib qoldi. Hozirda I guruh nogironi. Oyoqlari boʻysunmaydi. Qoʻl harakatlari ham cheklangan. Shunday boʻlsada, boshqalarning yordamiga umidvor boʻlmaydi.

— Internetda sunʼiy gul toʻquvchilarni koʻrib, ular tayyorlagan mahsulotlarga havas qilganman, — deydi Safiya. — Keyin oʻzim ham shu hunar sir-asrorlarini oʻrgana boshladim. Tez orada birinchi mahsulotimni yaratdim. Bu meni yanada koʻproq harakat qilishga, yangidan-yangi mahsulot tayyorlashga undadi. Hozirda, agar sogʻligim pand bermasa, bir oyda 10-15 tagacha mahsulot tayyorlayman. Aksariyat hollarda buyurtma uchun ishlayman. Endilikda yetkazib berish xizmatidan foydalangan holda respublikamizning barcha viloyatlariga mahsulot chiqaryapman. Biroq bu muhim emas, men uchun shu ishning zavqi muhimroq. Har gal nimadir toʻqisam, uni koʻrgach, quvonaman, gʻayratga toʻlaman. Men ham nimagadir qodir ekanligimdan mamnun boʻlaman. Toʻquvchilik mening hayotim mazmuniga aylangan.
Safiya oʻz hunari orqali respublikamizdagi turli koʻrgazmalarda faol ishtirok etib kelmoqda. “Tashabbus”, “Yil ayoli” kabi tanlovlar sovrindori. 2019-yildan Hunarmandlar uyushmasi aʼzosi, joriy yildan esa yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. 300 nafardan ziyod shogirdlari bor. U “Jasorat” medali va “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” koʻkrak nishoniga munosib topilgan.
— Shu bilangina kifoyalanib qolgim yoʻq,-deydi u. — Kelgusida yangi mahsulotlarni oʻzlashtirish niyatim bor. Qolaversa, faoliyatimni kengaytirib, oʻzim kabi imkoniyati cheklangan xotin-qizlardan iborat jamoa tashkil etishni rejalashtirganman. Mahsulotimizni qoʻshni davlatlarga eksport qilish uchun istiqbolli loyiha ustida ishlamoqdaman. Maqsadim imkoniyati cheklanganlarning cheklanmagan imkoniyatlarini yuzaga chiqarishdir.
Uning holidan xabar olguvchilar koʻp. Yoʻqlovlardan hamisha xursand boʻlib kelgan. Biroq unga nisbatan koʻrsatiladigan moddiy yordamlarni qabul qilmaydi. “Tanamizda harakatlanuvchi birgina aʼzo boʻlsa ham, bilingki, biz oʻz-oʻzimizni boqa olamiz. Buning uchun yo jismoniy harakatimizni yoki aqliy faoliyatimizni ishga solishni bilsak, kifoya”, deydi u. Biz esa toʻrt muchasi sogʻ boʻla turib, moddiy koʻmak soʻrab tegishli idoralar ostonasidan beri kelmaydigan ayrim zamondoshlarimizga Safiyani namuna qilib koʻrsatgimiz keldi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring