Hukumat qarori bilan “Ibratli oila” koʻkrak nishonini berish tartibi belgilandi
Qaror(437-son, 02.09.2023-y.)ga koʻra, ushbu koʻkrak nishoni bilan farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish, oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan namunali oilalar taqdirlanadi.
Shunga muvofiq:
— Har yili 1-martgacha Xotin-qizlar faollari, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalari tomonidan koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflar shakllantiriladi.
Takliflar tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimlariga taqdim etiladi.
— Har yili 15-martgacha nomzod oilalar har tomonlama oʻrganilib, 15-aprelgacha eng munosiblari boʻyicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.
Nomzod oilalar tanlanayotganda, jumladan, quyidagilarga alohida eʼtibor qaratiladi:
oilada va jamoat joylarida kutubxonalar tashkil etgan;
oila aʼzolari ilmli, ziyoli boʻlgan, shuningdek, ilmiy darajaga ega boʻlgan;
ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka, homiylikka olgan;
oilaviy sport bilan shugʻullanib, respublika va xalqaro darajadagi yutuqlarga erishgan;
oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyib, iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qoʻshayotgan.
Koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan oilalar 15-may – Xalqaro oilalar kuni bayrami arafasida tantanali taqdirlanadi.
Taqdirlangan ibratli oilalarga BHMning 4 baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi.
Koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan oilalar yashaydigan xonadonlar va uy-joylarning kirish qismiga “Ibratli oila” belgisi oʻrnatiladi.
Bir oila koʻkrak nishoni bilan bir marta taqdirlanadi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur koʻkrak nishoni Prezidentning 2022-yil 7-martdagi farmoni bilan taʼsis etilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring