Hududda oʻtkazilgan parlament nazorati doirasida ijobiy natijalar bilan birga qator kamchiliklar ham mavjud ekanligi aniqlandi
Oliy Majlis Senati aʼzolari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining samarali ijro etilishi hamda ijtimoiy soha obyektlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan parlament nazoratini olib bormoqda.
Xususan, Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasida doimiy asosda ishlovchi senator Anvar Toʻychiyev boshchiligidagi mahalliy Kengash deputatlaridan iborat ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida oʻrganishlar olib bordi, aholi vakillari bilan muloqotlar oʻtkazdi.
Oʻrganishlar davomida Qarshi shahri, Qarshi, Kasbi, Gʻuzor va Qamashi tumanlarida Prezident, Hukumat qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosi, ijtimoiy obyektlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatlariga eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlash joiz, Qashqadaryo viloyatida 2023-yilning yanvar-sentyabr oylarida yalpi hududiy mahsulot (YAHM) hajmi 41 trln 646 mlrd soʻmni, oʻsish surʼati 4,5 foizni tashkil qildi. YAHM tarkibida sanoatning ulushi 26 foizni, qishloq xoʻjaligi ulushi 36 foizni, xizmat koʻrsatish ulushi 38,5 foizni tashkil etdi.
Joriy yilning 9 oyida sanoat ishlab chiqarish 7,0 foizga, qurilish - pudrat ishlari 9,0 foizga, qishloq xoʻjaligi3,6 foizga, xizmat koʻrsatish 9,4 foizga, chakana savdo 5,6 foizga oʻsgan.
Joriy yilning oʻtgan davrida joriy yilgi Dasturga asosan 2 551 ta yangi xizmat koʻrsatish obyektlari tashkil etilib, 5 mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratildi.
Ishchi guruhning oʻrganishlari davomida viloyatda erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, ayrim kamchiliklar ham mavjud ekanligi aniqlandi.
Jumladan, Qarshi shahrining “Istiqlol” MFYda joylashgan 28-son maktabgacha taʼlim tashkilotini taʼmirlash ishlari oʻz muddatida boshlanmagan. Bugungi kunda, obyektda 46 % ishlar bajarilgan xolos.
“Shodlik” MFY hududida 54 ta koʻp qavatli uylarning ichki isitish tizimlari holati oʻrganilganda, ushbu koʻp qavatli uylardagi yotiq va tik quvurlar hamda xonadon ichidagi issiqlik taʼminoti qurilmalari (batareya) yaroqsiz holga kelib qolgan yoki umuman mavjud emasligi aniqlandi.
Qarshi tumanida Hukumatning 2020-yil 27-avgustdagi 519-sonli Qaroriga muvofiq, Qarshi tumanidagi “Mevazor” MFYda 10 ta 5 qavatli bir yoʻlakli uylar qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, hozirgi kunda 7 ta koʻp qavatli uylar foydalanishga topshirilgan. Qolgan 3 ta koʻp qavatli uylarda ham qurilish ishlari davom etmoqda.
Kasbi tumani “Oqjangal” MFY 180 oʻrinli MTTning qurilish ishlari kech boshlangani sababli bajarilgan ish hajmi 60 foizni tashkil etmoqda. Qurilish ishlarini yakunlash uchun barcha resurslarni jalb etish va obyektni belgilangan muddatda topshirish boʻyicha ishchi guruh tomonidan koʻrsatmalar berildi.
Gʻuzor tumani koʻp tarmoqli tibbiyot maskanida esa kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati koʻzdan kechirildi. Issiqlik taʼminotini oʻz vaqtida yetkazilishi yuzasidan tegishli tavsiyalar bildirildi.
Shuningdek, Qamashi tumanidagi oʻrganishlar davomida esa ijtimoiy obyektlar koʻzdan kechirildi. Xususan, tumandagi “Qorasuv” MFY 72-sonli maktab holati kuz-qishga tayyor holatga keltirilgan.
Oʻrganishlar natijalarini Oliy Majlis Senatida muhokama qilish rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring