Hozirgi karantin davrida barchasiga koʻnib yashayotganimiz Tengiz koʻrgan azoblar oldida hech narsa emas — J.Piyazov
Kuni kecha «Oʻzbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga binoan «Qoraqalpoqfilm» DUK tomonidan suratga olingan “Tengiz” badiiy filmining ochiq osmon ostidagi namoyishi boʻlib oʻtdi.
Agentlik hovlisida tashkil etilgan Media klubning navbatdagi yopiq premyerasiga kinoijodkorlar, deputatlar, jurnalistlar hamda blogerlar tashrif buyurishdi. Premyera avvalida Agentlik direktori Firdavs Abduxoliqov, Oʻzbekiston Kino arboblari ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonovlar soʻzga chiqib, oʻzbek kino sohasidagi yangiliklar, oʻzgarishlar haqida gapirdi. Qoraqalpogʻiston xalq artisti, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Jenisbek Piyazovning premyera mehmonlari uchun jonli ijroda qoʻshiq kuylab bergani namoyishga yana-da iliqlik olib kirdi. Agentlik hovlisida qoraqalpoq xalqining urf-odatlari, Orol dengizining mavjlanishi, boʻronning uvillashi kabi muhit hukmron boʻldi. Media klub aʼzolari premyera soʻngida “Tengiz” badiiy filmi va film ijodkorlari haqida qisqacha oʻz fikrlarini bildirishdi.
Sherzodxon Qudratxoʻjayev, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Xalqaro press-klub raisi:
— Filmga hayotiy voqealar asos qilib olingani hamda hech qanday soxtalik mavjud emasligi bilan tomoshabinga manzur boʻldi. “Tengiz” obrazi orqali Moʻynoqning qismati, kechmishi, dardi va qanchalik umidlari yuksak ekanligini ilgʻash mumkin. Oʻng qoʻli va oyogʻidan ayrilgan ayol oʻzida kuch topib film orqali qismatga har doim ham koʻnish kerak emasligini isbotlagan. Inson istasa, taqdirni oʻzgartira olishi mumkin ekanligini koʻrsatib bergan. Filmning qoraqalpoq tilida boʻlishini ham juda xohlardim. “Tengiz” qoraqalpoq xalqining etnomadaniyati, urf-odatlari, qoraqalpoqliklarning xarakteri bilan tanishtiruvchi film boʻlgan. Pandemiya sharoiti boʻlishiga qaramasdan ushbu filmning yaralishida xizmat qilgan barcha kinoijodkorlarga rahmat aytish kerak!

Jenisbek Piyazov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist:
— Bosh qahramon Tengizning qiynalganini koʻrib oʻzimga saboq oldim. Bizning hayotda koʻrgan qiyinchiliklarimiz yoki hozirgi karantin davrida barchasiga koʻnib yashayotganimiz Tengiz koʻrgan azoblar oldida hech narsa emas. Kino menga yana-da kuch berdi. Men koʻrgan Moʻynoq, men yashagan Qoraqalpoq xalqida umidning paydo boʻlgani uchun ham film qalbga yetib bordi. Film ichida tragediya bilan birga ozgina boʻlsa-da, komediyaning mavjudligi tomoshabinni zerikishdan saqlab qoldi. “Tengiz” badiiy filmining quvonchli yakun topgani esa menda ijobiy taassurot qoldirdi.
Rasul Kusherboyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:
— Filmda bugungi kunda Qoraqalpogʻistondagi mavjud sharoit, uning bosib oʻtayotgan yoʻli, ayniqsa, Moʻynoqning oʻtmishi, hozirgi kundagi holatiga parallel ravishda inson taqdiri bilan olib chiqishga harakat qilingan. Bosh qahramon Tengiz misolida Moʻynoqni tushunishimiz mumkin. Hayot hech qachon toʻxtab qolmaydi, insonning irodasi kuchli boʻlsa, hammasining uddasidan chiqadi. Insoniyatning dunyoga kelishidan asosiy maqsad ham shu. Film muvaffaqiyatli chiqqan. Shunchaki vaqt oʻtkazadigan emas, nimadir oʻrnak olsa boʻladigan film yaratilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring