Hojilik — unvonmi yoki martaba... — Siz nima deysiz?
Ilgari odamlar tanimagan kishi bilan koʻrishganda “birodar”, deb murojaat qilardilar. Oq xalat kiygan kishilarni «doʻxtir», maktab yoki oliygohda ishlaganlarni “domla”, deyishardi.
Endi esa “hoji aka”, “hoji togʻa”, deyish urf boʻlib ketdi.
Haj ulugʻ va muhtasham ibodat. Hojilik ham buyuk bir maqom. Lekin izdihomlarda, yigʻilishlarda “Menga oʻxshab hajga borish sizlarga ham nasib etsin, sizlar ham biz kabi hoji boʻlinglar”, deb duo qiluvchilar koʻpayib ketdi.
Aslida u odam duosi ezgudir, hajga bormaganlarga ham haj safari nasib etsin, degan tilak bildiryapti, duosi ijobat boʻlsin. Duoni tinglab turib, oʻsha duogoʻy “menga oʻxshab”, deganida kibr, manmansirash koʻrinib qolyapti-da.
Haj ibodati ham roʻza, namoz, zakot kabi dinimiz farzlaridan biri. Shu maʼnoda nega namoz oʻqiydigan kishini “namozxon aka”, roʻza tutganni “roʻzador aka”, zakot berganni “zakotchi togʻa”, demaymizu, hajga borganmi, bormaganmi — “hoji aka”, deb bu ulugʻ ibodatni ohorini toʻkamiz, muborak haj maqomini joʻnlashtiramiz.
Bir mahalla yigʻini raisi nolib qoldi. Mahalla koʻchalarini asfaltlash, suv keltirish uchun oqsoqollar nomidan tuman hokimiga talabnoma yozishibdi. Ular orasida umra ibodatini bajarib kelgan 2-3 kishi ham bor ekan. «Arizani imzolashga borganimizda oʻsha umrachilar “nega meni ismimni yoniga hoji, deb yozmadinglar”, deb ancha iddao-norozilik bildirishdi.
Yashirishning hojati yoʻq, “hojiman” deya kibrlanish, kekkayish holatlari ancha koʻzga tashlanib qoldi, bu narsa odamlar koʻziga anchayin erish tuyulayotgani bor gap.
Baʼzi hojilarni uzun (toʻpiqqacha) oq koʻylak kiyib yurishlari ensangizni qotiradi, garchi u ulamo emas. Uzun koʻylak, oq doʻppi – axir bu bizni oʻzbakiy kiyim emas-ku!
Baʼzi ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, diniy nashrlar maqola yoki kitob muallifi ismi yoniga hoji qoʻshib yozish urf boʻlgan.
Ulugʻ ulamo, marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining bir emas, bir necha marta haj safarida boʻlganlarini koʻpchilik biladi. Lekin maqolalarida, kitoblarida “hoji”, deb hech urgʻu berganlarini koʻrmaganmiz. Oxiratlari obod boʻlsin.
Hajga poyu-piyoda, ne-ne zahmatlar kechib borgan ulamolarimiz ham “hojiman”, deb bugungiday kibrga berilmagan.
Xullas, hojilik maqomini oxirini toʻkmasak, deyman. Siz qanday fikrdasiz?
Malik Boy MUHAMMAD,
Yozyovon.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring