Hokimliklar yuridik xizmatlarining yer munosabatlariga oid huquqiy bilimlari oshirildi

07:16 04 Noyabr 2023 Jamiyat
344 0

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 218-son qaroriga asosan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlarining “E-qaror” elektron tizimidan samarali foydalanishlarini taʼminlash, shuningdek, undan foydalanish masalasiga metodik rahbarlik qilish Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Adliya vazirligi va Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan “Mintaqaviy Muloqot” (Sloveniya) nodavlat notijorat tashkilotining Oʻzbekistondagi filiali bilan hamkorlikda joriy yilning 31-oktyabr va 1-2-noyabr kunlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yuridik xizmatlari xodimlarining yer munosabatlari sohasidagi qonunchilik hujjatlarini huquqiy ekspertiza qilish boʻyicha bilimlarini oshirishga qaratilgan qisqa muddatli oʻquv-seminarlari tashkil qilindi.

Oʻquv-seminarlari viloyat, tuman (shahar) hokimliklari yuridik xizmatlari xodimlari ishtirokida, ular faoliyatidagi kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan tajriba almashish maqsadida onlayn va oflayn shaklda oʻtkazildi.

Jumladan, oʻquv-seminarlarda Toshkent shahar va Toshkent viloyatidagi tuman (shahar) hokimliklar yuridik xizmatlari bevosita ishtirok etgan boʻlsalar, boshqa viloyatlar hokimliklari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi yuridik xizmatlari tomonidan 150 dan ortiq ishtirokchilar masofaviy tarzda ishtirok etdilar.

Tadbirda Adliya vazirligining Huquqni qoʻllash departamenti, Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi, Jinoiy, maʼmuriy va ijtimoiy qonunchilik boshqarmasi, Yuristlar malakasini oshirish markazi hamda “Mintaqaviy Muloqot” (Sloveniya) nodavlat notijorat tashkilotining Oʻzbekistondagi filiali mutaxassislari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlari sohasidagi vakolatlari, yer uchastkalarini ajratish asoslari va tartibi, yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari, “E-qaror” elektron tizimida yerga oid qarorlarni mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmati tomonidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazish hamda sohada korrupsiyaviy holatlarni oldini olish masalalari yuzasidan maʼruzalar qilindi.

Oʻquv-seminarlari yakunida ishtirokchilar tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlari sohasidagi oʻzlarini qiziqtirgan savollari muhokama qilinib, sohani takomillashtirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер