Hindiston mudofaa vazirligi 9,8 milliard dollarga qurol-yarogʻ va harbiy texnikalar sotib oladi
Foto: Reuters
Hindiston Mudofaa vazirligi umumiy qiymati 764 milliard rupiyga (9,8 milliard dollar) qurol-yarogʻ va harbiy texnika sotib oladi. Bu haqda “The Hindu” nashri xabar bermoqda.
Nashr maʼlumotlariga koʻra, xaridlar boʻyicha takliflar Hindiston mudofaa vaziri Rajnat Singx boshchiligidagi Mudofaa xaridlari boʻyicha kengash tomonidan maʼqullangan. Barcha mablagʻ mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yoʻnaltiriladi.
Ushbu mablagʻning deyarli yarmi Hindiston harbiy-dengiz kuchlari loyihasi boʻyicha ishlab chiqariladigan yangi avlod korvetlarini sotib olishga yoʻnaltiriladi.
Shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yigʻilgan “Dornier” samolyotlari, “Su-30MKI” qiruvchi samolyotlari uchun mahalliylashtirilgan dvigatellar, yuk koʻtarish texnikalari, tankka qarshi tizimli jangovar mashinalar, dushman zirhli texnikalarini aniqlash uchun mobil radarlar sotib olinadi.
Bundan tashqari, shartnoma doirasida “Raqamli qirgʻoq qoʻriqlash xizmati” loyihasi ham amalga oshiriladi. U yer va havo operatsiyalarini rejalashtirish, logistika, moliya va kadrlar jarayonlarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkonini beradi.
Avvalroq Hindistonning “Cochin Shipyard Limited” (CSL) kemasozlik zavodi Hindistonning birinchi shaxsiy samolyot tashuvchi kemasi barpo etilgani haqida xabar bergan edi. Kema Hindiston harbiy-dengiz kuchlari topshirilgandan keyin “INS Vikrant” (“Jasur”) nomini oladi.
Hindistonning birinchi aviatashuvchisi 39 ming tonna sigʻimga ega boʻlib, u 26 ta “MiG-29K” qiruvchisi, 10 ta “Ka-28” va “Ka-31” vertolyoti, shuningdek, “HAL Dhruv” va “Westland Sea King” samolyotlarini olib yuradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring