Hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi!
Foto: “Xalq soʻzi”
Har yili 3-dekabr sanasida “Xalqaro nogironlar kuni” bayram sifatida nishonlanadi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad butun dunyoda nogironligi boʻlgan insonlarning barcha kishilar bilan teng huquqlilik asosida ularning manfaatlari, huquqlari inobatga olinishini, barcha mamlakatlarda nogironlarning qadr-qimmatini himoyalovchi qonunlar va tartib-taomillarning joriy etilishini taʼminlab, barcha uchun ochiq va doʻstona boʻlgan jamiyat qurishdan iboratdir.

Yurtimizda ham nogironligi boʻlgan shaxslarning manfaatlarini himoya qilish, ularni jamiyatimizning toʻlaqonli aʼzosi ekanliklarini koʻrsatish maqsadida turli islohotlar amalga oshirilmoqda.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat boʻlimi tomonidan ham nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida viloyatdagi nogironligi boʻlgan 60 nafar fuqarolarga 22 million soʻmlik, shundan 6 nafariga nogironlik aravachalari, 55 nafariga esa ehtiyojiga koʻra kiyim-kechaklar berildi.

Shuningdek, Xalq deputatlari Samarqand shahar kengashining tegishli qaroriga asosan fondning Samarqand shahar boʻlinmasi qoshida tashkil qilingan “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisob raqamidan kattalar va bolalar uchun moʻljallangan 53 dona nogironlik aravachalari xarid qilish uchun 79,3 million soʻm, 30 dona kattalar eshitish moslamasi xarid qilish uchun 40,5 million soʻm hamda 12 dona yurish moslamasi (xodunok) xarid qilish uchun 7,6 million soʻm, jami 127,4 million soʻm mablagʻlar yoʻnaltirildi.

— Oltmish olti yoshdaman va hozirgi kunda koʻzlarim ojizligi uchun nogironlik aravachasiga ehtiyojim bor edi, — deydi Samarqand shahridagi “Humo” mahallasida yashovchi Aʼlam Eshonqulov. — Xalqaro nigironlar kuni munosabati bilan menga ham shunday aravacha sovgʻa qilishdi. Bunday eʼtibordan mamnun boʻldim.
Xuddi shunday xayriya tadbirlari fondning hududiy boʻlinmalari tomonidan viloyatning barcha shahar va tumanlarida oʻtkazildi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring