Hazorasp tumanida yangi uy-joylar egalariga topshirildi

18:21 03 Oktyabr 2023 Jamiyat
399 0

Foto: Arxiv surat

Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida 100 ta xonadonga moʻljallangan 5 ta koʻp qavatli yangi turar-joy oʻz egalariga topshirildi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda soʻzga chiqqanlar aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash borasida olib borilayotgan ezgu ishlarning yana bir amaliy ifodasi ekanini taʼkidladilar.

“Oʻz uying, oʻlan toʻshaging” degan iboraning maʼnosini uy-joyga muhtoj insonlar juda yaxshi anglaydi,— deydi hazorasplik Mohira Saʼdullayeva. – Biz ham ancha yillardan buyon uy-joy masalasida qiynalib kelayotgan edik. Tumanimizning yashash uchun qulay hisoblangan hududida barpo etilgan yangi uylardan 3 xonali kvartira bizning oilamizga ham nasib etdi. Yangi uy oilamizga yangi orzu-umidlar, baxt olib kirdi.

Hazorasp tumani aholisi soni bugungi kunda 200 ming nafardan oshdi. Uy-joyga boʻlgan ehtiyoj ortishi natijasida koʻp qavatli uy-joylar qurilishi koʻlami ham kengaymoqda. 2021-yilda tumanda 130 ta xonadonga, 2022-yilda 152 ta xonadonga moʻljallangan koʻp qavatli uylar qurilgan boʻlsa, joriy yilda 416 ta xonadonli 17 ta koʻp qavatli uylar foydalanishga topshiriladi.

                                                          Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер