Haj safariga joʻnab ketishdi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona shahridagi tantanalar majmuasida joriy yilda qutlugʻ ziyoratga ketayotgan hamyurtlarimizning ilk guruhini tantanali kuzatish marosimi tashkil etildi. Fayzli dasturxon yozilib, bir piyola choy ustida maroqli suhbat uyushtirildi
— Prezidentimiz eʼtibori va gʻamxoʻrligi tufayli hamyurtlarimizning bu boradagi ezgu orzu-maqsadlari toʻliq ijobat boʻlishi uchun qulay sharoitlar yaratildi, — dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov. — Bunday ragʻbat har yili yurtimizda minglab oilalarga xursandchilik olib kelmoqda. Bu yil ham ezgu anʼana davom etadi.

Muborak safar oldidan xalqimizning eng ezgu fazilatlariga xos mehr-oqibat koʻrsatish tadbirlari tobora keng quloch yozmoqda. Xususan, birgina oʻtgan yilda Fargʻona viloyatida haj ziyoratiga ketayotganlar tomonidan ehtiyojmand oilalarga 100 million soʻmlikdan ziyod moddiy yordam koʻrsatildi. Bu yil bunday ezgu amallar salmogʻini yanada oshirish maqsad qilingan.
Tantanali tadbirdan soʻng ziyoratchilar viloyat ishchi guruhi aʼzolari kuzatuvida “Namangan” xalqaro aeroportiga yoʻl olishdi. Bu yerda har bir ziyoratchi uchun yordamchi biriktirilib, belgilangan tartibda hujjatlarni rasmiylashtirish hamda yuklarni bojxona nazoratidan oʻtkazishda koʻmaklashildi.

— Bugun koʻp yillik orzum ushalayotganidan xursandman, — deydi mehnat faxriysi Qurbonali Oripov. — Bu yurtimizdagi tinch-osoyishta hayot, dorilamon kunlar sharofati. Bugungi dolgʻali zamonamizda tinchlik dunyodagi eng qutlugʻ saodatga aylangani hech kimga sir emas. Bunday neʼmatlarimiz bardavom boʻlishi uchun hamisha duodamiz.
Maʼlum boʻlishicha, joriy yilgi mavsumda 1600 nafardan koʻproq fargʻonaliklarning muborak haj amallarini bajarishi koʻzda tutilgan. Shu maqsadda ularning ilk guruhi tarkibiga kirgan 240 nafar hamyurtlarimiz Saudiya Arabistoniga joʻnab ketishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring