Hayot manbaiga befarq boʻlmang!
Insoniyat tarixiy sivilizatsiya davomida koʻp ixtirolar qildi. Bir paytlar ertak boʻlgan hodisotlar bugungi hayotimizda odatiy holga aylandi. Uchar jismlar yaratildi. Oyda ham tadqiqotlar olib borildi. Ammo…
Tabiat moʻjizalari eʼtiborga olinmadi. Koʻplab tabiiy boyliklarni boy berdik, oʻrmonlarda daraxtlar siyraklashdi, kislorodsiz havo esa “qalinlashdi”. Insoniyat ehtiyoji uchun ishlayotgan zavod va fabrikalar atmosferaga mislsiz zarar yetkazdi, okeanlarga tonnalab chiqindilar tashlandi va tashlanyapti. Suvosti dunyosini esa oʻzingiz tasavvur qilib olavering...
Yaqin oʻn yil ichida sayyoramizning katta qismi suv taqchilligiga uchrashi mumkin
Bugun insoniyat oldida turgan global muammolar yetarlicha. Bunga barchamiz kundalik hayotimizda guvoh boʻlib turibmiz. Muammolar koʻlami yaqin kelajakda ortishi ham turgan gap. Asl muammo qayerda? Uning oldini olish mumkinmi?
Sayyoramizdagi toʻrt milliarddan ortiq kishi bir oyda bir marta boʻlsa-da ichimlik suvi muammosiga duch keladi. Olimlarning taʼkidlashicha, yaqin 10 yillarda chuchuk suv yetishmovchiligi davriy qurgʻoqchilik emas, balki chinakam global muammoga aylanishi mumkin ekan.
Hozirgi kunda 1,8 milliard odam toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega emas. 2025-yilga kelib bu koʻrsatkich 3,2 milliardga yetishi aytilyapti. Agar ichimlik suvidan oqilona foydalanishni, tejashni, isrof qilmaslikni odat qilmasak, 2030-yilga borib sayyoramiz aholisining 47 foizi suv taqchilligiga roʻbaroʻ keladi.
Insoniyat tomonidan har kuni 10 milliard tonna suv ishlatiladi
Maʼlumotlarga koʻra, insoniyat tomonidan har kuni 10 milliard tonna suv ishlatiladi. Bu kundalik ehtiyojlar uchun. Hayvonot va nabotot olamining yashashi uchun ham suv kerak. Odamlar sonining ortib borishi hamda yangidan yangi texnika va texnologiyalar yaratilishi natijasida suvga boʻlgan talabning ham oshishi tabiiy hol. Birgina misol: kir yuvishda ishlatiladigan avtomat mashinalar qoʻl mehnatiga qaraganda ikki barobar koʻproq suv sarflaydi.
Atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar natijasida iqlim sezilarli darajada oʻzgaradi. Global isish natijasida birgina Afrikada 2020-yilning oʻzida 75 milliondan 250 milliongacha odam suv muammosi bilan kurashishga majbur. 700 millionga yaqin odam oʻzi yashab turgan hududdan chiqib ketishiga toʻgʻri keladi. Muammo koʻlami faqat shu bilangina cheklanib qolmaydi. Dunyo statistikasi yana shuni aytmoqdaki, tibbiyot sohasida aniqlanayotgan kasalliklarning 80 %i ichimlik suvi yetishmovchiligidan kelib chiqmoqda. Bu kasalliklar oqibatida har yili uch millionga yaqin kishi vafot etadi. Olimlarning taʼkidlashicha, chuchuk suv muammosi hal etiladigan boʻlsa, mavjud kasalliklarning 10 %ini davolash mumkin.
Tabiat oʻz soʻzini aytdi
Bugun butun dunyoda davom etayotgan karantin davri insoniyatga juda koʻp saboq berdi. Nainki sabrni, ehtiyotkorlikni, ozodalikni, balki tejamkorlikni ham ong ostiga singdirdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Karantin orqali tabiat oʻz soʻzini aytdi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, yer yuzidagi chuchuk suvning 10 foizigina xonadonlarda isteʼmol qilinadi. Qolgan qismi qishloq xoʻjaligi va sanoatda foydalaniladi. Tomchilatib sugʻorish, gidrogel yordamida sugʻorish kabi usullar anʼanaviy sugʻorish mexanizmiga qaraganda 50% suvni tejab qolishi mumkin. Xonadonlarda ham oddiygina meva sabzavot yuvish vaqtida ochib qoʻyilgan joʻmrakdan 3-4 litr suv zoye ketadi. Aslida bu ishni bajarish uchun yarim litr suv kifoya qiladi. Bu tejamkorlikning eng oddiy usullari. Modomiki suv muammosi global muammo ekan, uning yechimiga ham hammamiz birdek masʼulmiz. Zero, suv – hayot manbai. Hayot manbaiga befarq boʻlmang.
Karim ZARIPOV,
OʻzJOKU talabasi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring