Havo juda isib ketdi, lekin...

15:34 19 Iyun 2023 Jamiyat
501 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Ha, shu kunlarda havo juda ham issiq boʻlyapti. Jazirama sogʻliqqa, kayfiyatga juda qattiq taʼsir qiladi. Chunki salomatligi vajidan issiq havoni koʻtarolmaydigan keksalar, bemorlar bor. Ammo issiqmi, sovuqmi, nima boʻlganida ham, undan saqlanish imkoniyatlari mavjud.

Toʻgʻrisi, issiq odamlarda noqulaylik tugʻdirsa-da, foydali jihatlari ham juda koʻp. Demoqchimanki, issiq yetarli boʻlmasa, koʻp ekinlar yaxshi rivojlanmaydi, harorat pasayib, havo salqinlashsa kasalliklarga ham chalinishi mumkin. Gʻarq pishayotgan poliz mahsulotlari, shirindan shakar mevalarimiz ana shu quyosh taftining hosilasi. Mana shunday iqlim boʻlgani uchun ham Oʻzbekistonning nozu neʼmatlari jahonda eng xaridorgir sanaladi.  

Shunday ekan, “havo juda isib ketdi” deb vohimaga berilmaslik kerak. Inson har qanday vaziyatni oqilona yengib oʻtishi kerak. Havo harorati issiq, lekin shukrki, yurtimiz tinch, osoyishta! Shu oftob tufayli rizqimiz butun, hosilimiz moʻl, hayotimiz fayzli va barakali!

Ota-bobolarimiz davrida ham yoz oylarida jazirama boʻlgan. Ammo ular koʻproq daraxt ekishni tavsiya qilishgan. Daraxt ob havoni moʻtadillashtiradi, issiqni ushlab, mikroiqlimni vujudga keltiradi. Zero, bugungi yuqori harorat bizga yanada koʻproq daraxt ekish, yurtni koʻkalamzorlashtirishni uqtirayotgandek goʻyo.

Yurtimizning bir- biridan chiroyli toʻrt fasli bor. Bizga shunday jannatmonand mavsumlar inʼom etilganiga ming bora shukr!

                                                                    Surayyo OʻRINBOYEVA, Sardoba tumani.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер