Harbiy xizmatchilarga yangi uy kalitlari topshirildi
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Lutfiya Rahimova asli Olot tumanidan. Sport murabbiysi. Turmush oʻrtogʻi Doston Ibodullayev bilan uch farzandni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazayapti.
— Bolalarimning otasi harbiy xizmatchi, mayor, — deydi u. — Xizmat burchini Fargʻona vodiysida oʻtadi. Ayni damda Surxondaryoda Vatanimiz sarhadlarini himoya qilmoqda. Oʻn yildirki, u bilan hamnafas yashab, harbiylar hayoti juda sharafli, shu bilan birga, mashaqqatli ekanini chuqur his etdim. Yetti yil ijara uylarda yashadik. Bugun quvonchimiz cheksiz. Uyli boʻldik. Endi bolalarimizning ertasidan koʻnglimiz toʻq. Ularni el-yurtga sadoqatli farzand qilib tarbiyalaymiz, albatta. Davlatimiz rahbariga, Mudofaa vazirligiga minnatdorlik bildiraman.
Lutfiya Rahimova Buxoro shahrining 7 – mavzesida qad rostlagan koʻp qavatli uy oldida turib, bizga shu soʻzlarni aytdi. Bu orada harbiy orkestr ijrosida musiqa sadolari yangrab, yangi uy kalitlarini Vatan himoyachilariga topshirishga bagʻishlangan marosim boshlandi. Unda soʻz olganlar harbiy xizmatchilar va ularning oilalariga zarur shart – sharoitlar yaratish davlatimizning doimiy eʼtiborida ekanligini taʼkidladi. 20 milliard soʻm mablagʻ evaziga barpo etilgan mazkur turar – joy bu fikr isbotidir. Uylar oʻz burchini namunali oʻtayotgan harbiy xizmatchilar uchun ajratildi.
Ikki xonali, zamonaviy qulayliklar yaratilgan bu uylar 51 ta xonadonga moʻljallangan. Yon-atrofida bolalar maydonchasi, gulzorlar barpo etilgan. Istiqlol bayramini shinam xonadonlarda kutib olayotgan harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari quvonchiga ularning safdoshlari, jamoatchilik vakillari sherik boʻlishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring