Har bir oila uchun alohida ijtimoiy himoya rejasi ishlab chiqiladi
Illyustrativ foto
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Prezident ijtimoiy muammolarni aniqlash va hal etish boʻyicha yangi tizim joriy etilishini qayd etdi.
Masalan, Angren shahri va Olmazor tumanining 13 ta mahallasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan manzilli ishlash natijasida yaxshi tajribalar yaratilgani taʼkidlandi.
Bunda xotin-qizlar faollari 109 ta yordamga muhtoj oilani birma-bir oʻrganib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni yechishda amaliy koʻmak bergan.
Mutasaddilarga 1-iyulga qadar ushbu tizimni barcha hududlarda joriy etib, 70 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni mahallada yoʻlga qoʻyish topshirildi.
Bunda, xotin-qizlar faollari hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan birga:
- har bir xonadonga bevosita kirib, oilalardagi haqiqiy holat va ijtimoiy xizmatlarga ehtiyojni aniqlaydi;
- har bir oila uchun alohida ijtimoiy himoya rejasini ishlab chiqadi;
- aholi murojaatlari asosida ijtimoiy xizmatlar oʻz vaqtida va sifatli koʻrsatilishini doimiy nazorat qilib boradi;
- murakkab tibbiy operatsiyalarga muhtojlarni aniqlab, ularni bepul davolash uchun yuborishga koʻmaklashadi.
Yangi tizimni samarali yoʻlga qoʻyish uchun maxsus dastur asosida 9 ming 300 dan ziyod xotin-qizlar faollarini mahallada ijtimoiy xizmatlarni tashkil etishga oʻqitish vazifasi qoʻyildi.
“Vazirlar, hokimlar va sektor rahbarlari bir narsani aniq tushunib olishi kerak. Ushbu tizim xotin-qizlar faollari zimmasiga barcha masʼuliyatni yuklab qoʻyish degani emas. Misol uchun, nogironligi bor shaxslarga 5 ta idora ijtimoiy xizmatlar koʻrsatadi. Lekin, ularga mahalladan turib murojaat qilishning imkoni yoʻq. Eng asosiysi, ushbu idoralar tomonidan “oʻz mijozlari”ni aniqlash va ularga oʻz vaqtida koʻmak berish tizimi yoʻlga qoʻyilmagan. Bundan buyon, xotin-qizlar faollari tomonidan ijtimoiy xizmatlar olish uchun buyurtma berish tizimi joriy etiladi.Ushbu buyurtmalar ijrosini taʼminlash orqali ijtimoiy himoyaga masʼul barcha idoralar ishiga baho beriladi”, dedi Prezident.
Oʻzini yaxshi koʻrsatgan xotin-qizlar faollari mukofotlanadi, yil natijalari boʻyicha esa “Yangi Oʻzbekiston islohotchisi” koʻkrak nishoniga tavsiya etiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring