Har bir muammoning yechimi bor
Foto: Халқ сўзи
Fargʻona shahridagi «Oqariq» mahalla fuqarolar yigʻinida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi oʻrinbosari, Respublika ishchi guruhi vakili Alisher Usmonov, adliya vaziri oʻrinbosari Murtazo Ikromov, Oliy sud raisi oʻrinbosari Halilillo Toʻraxoʻjayev hamda Fargʻona shahar sektorlari rahbarlari ishtirokida sayyor qabul oʻtkazildi. Unda «Oqariq»dan tashqari “Nafosat”, “Sohibkor” mahalla yigʻinlari aholisi ham oʻz taklif-muammolari yuzasidan masʼullar bilan yuzma-yuz muloqot qilish imkoniyatiga ega boʻldi.

Sayyor qabulda “Nafosat” mahallasida yashovchi Yoʻlchi Jamolov bir paytlar Qarqarqishloq kabristoniga qarashli boʻlgan, lekin shahar hokimligi zaxirasiga olingan 70 sotix yer maydonini mahalla qabristoniga qaytarish boʻyicha murojaati tinglandi. Buning ijrosini taʼminlash uchun mutasaddilarga topshiriq berildi. Shu mahallada yashovchi Oygul Abdullayevaning bir asrlik umr dovoniga yaqinlashayotgan onasi Zulfiya Abdullayevaga nogironlik aravasi ajratish haqidagi murojaati ham shu yerning oʻzida hal etildi.

— Oilamizda moddiy yetishmovchilik borligi sabab koʻzimda jarrohlik amaliyotini oʻtkaza olmayotgandik, — deydi Fargʻona shahrining “Sohibkor” mahallasidan Tamara Bobooyeva. — Murojaatim mutasaddilar ishtirokida oʻrganildi va operatsiya uchun kerakli mablagʻ ajratiladigan boʻldi.

Qabul davomida Fargʻona shahrida yashovchi 50 nafardan ziyod fuqarolar murojaatlari masʼullar, sektor rahbarlari nazoratiga olindi. Uy-joy, tomorqa uchastkasi, mol-mulk muammosi, bankdan kredit olish, bandlik hamda davolanish boʻyicha murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring