“Har bir mahallaga kitob” loyihasi asosida 5000 dan ziyod mahallaga 3 milliard soʻmlik kitoblar tarqatildi
AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Mahalla” xayriya jamoat fondi axborot xizmati rahbari Hasan Salomov 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi.
Fondimiz oʻtgan yilda ham aholining ehtiyojmand qatlamini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratdi. 2022-yilda jami 16 mingdan ziyod kam taʼminlangan oilaga qariyb 8 milliard soʻm miqdorida moddiy yordam koʻrsatildi. Jumladan, 1000 nafardan ziyod fuqarolarimizga sogʻligʻini tiklash uchun salkam 1 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan boʻlsa, 87 fuqaroga nogironlik aravachasi, 14 yurtdoshimizga esa ortopedik moslamalar olib berildi. Shuningdek, 26 nafar vatandoshimizning murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazishlari uchun mablagʻ ajratildi.
Oʻtgan yilda aholi bandligini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratdik. 562 nafar yurtdoshlarimizga tikuv mashinalari, 153 nafariga esa maishiy texnika vositalari olib berildi.
2022-yilda ehtiyojmand aholi qatlamini kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga ham jiddiy eʼtibor qaratdik. Buning uchun fond mablagʻlari hisobidan 4 milliard 200 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. 2700 fuqaroga kiyim-kechak, 7000 dan ziyod aholiga oziq-ovqat, 1000 nafar yurtdoshlarimizga xoʻjalik mollari hamda 2000 ga yaqin oilaga naqd pul koʻrinishidagi moddiy yordamlar tarqatildi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis palatalari va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasida har bir mahallada kutubxona tashkil etish kerakligi taʼkidlangan edi. Fondimiz Prezidentimizning mazkur tashabbusidan keyin “Har bir mahallaga kitob” loyihasini hayotga tatbiq etdi. Loyiha doirasida bugungi kungacha 5000 mingdan ziyod mahallaga 3 milliard soʻmlik kitoblar tarqatildi. Shuningdek, oʻtgan yilda 274 ta mahallaga mebel jihozlari, 330 mahallaga esa kompyuter jamlanmalari tarqatildi. Buning uchun fond mablagʻlari hisobidan 3 milliard 200 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Bundan tashqari, oʻtgan yilda 3000 ga yaqin mahalla idoralari xodimlariga 9 milliard soʻm bir martalik moddiy yordamlar ajratildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring