Haqparvar va jonkuyar inson эди...
Fidoyi ijodkor, haqparvar va jonkuyar inson, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Ortiqali Nomozov 74 yoshida vafot etdi.
Umrini el-yurt taraqqiyoti, baxt-saodati, haqiqat va adolat uchun kurashga bagʻishlagan jurnalist yarim asrdan ortiq vaqt davomida matbuot sohasida ishladi. Tuman gazetasidan tortib mamlakatimizning markaziy nashrlarida faoliyat koʻrsatdi.
Ortiqali Nomozov milliy jurnalistikamizda, adabiyotimizda oʻz imzosi, ovoziga ega edi. U yozgan publitsistik maqolalar, ocherklar, felyetonlar, dilbar va moʻjaz hikoyalar, biografik qissalar nafaqat yozilish uslubi, ayni chogʻda nafis va shirali tili, choʻng samimiyati, yuksak badiiy saviyasi, insoniy nozik tuygʻularni, hayotning pastu balandliklarini yorqin boʻyoqlarda aks ettirgani bilan ham alohida ajralib turadi.
Ijodkorning “Seni kutaman”, “Tongda yoʻlga chiqamiz”, “Said Ahmadning chorbogʻi”, “Mardonbekning soʻnggi kunlari” kabi oʻnga yaqin kitoblari oʻquvchilar mehrini qozongan.
Oriqali Nomozovning qariyb chorak asrlik umri “Xalq soʻzi” gazetasi bilan bogʻliq. 2010-2013-yillarda gazetamizning muxbiri, boshqa paytda ijodiy hamkor sifatida yozgan bir-biridan dolzarb mavzulardagi tanqidiy-tahliliy maqolalari butun yurtimizda katta aks sado berdi. Uning gazetamizda “Davay pojenimsya yoki oʻzbekcha “Yor-yor” haqida”, “Yarashmagan “yalla” kabi umri oxirida eʼlon qilgan maqolalarida maʼnaviyatimizga dogʻ tushirayotgan holatlar muhokamaga tortilgandi. Shu maʼnoda, u soʻnggi nafasigacha biz bilan hamkor boʻldi, jonkuyarlik, fidoyilik bilan yashadi, desak, xato emas.
Muallif hayoti davomida oʻz chiqishlarida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar mohiyatini ochish bilan birga, joylardagi muammolarni, turli sohalarda yoʻl qoʻyilayotgan kamchilik va nuqsonlarni aniq fakt, teran tahlil, qiyos va misollarda koʻrsatib berdiki, bu bilan gohida ayrim mansabdorlarning jigʻiga tekkani, ularni jigʻibiyron qilgani ham rost.
Faoliyati davomida xolisligi, toʻgʻrisoʻzligi, haqiqatparvarligi, adolatsizligu kamchiliklarga murosasiz ekani sabab jurnalistning boshiga ne-ne savdolar tushgani bugun hech kimga sir emas. Yuragida ardoqlagan toʻgʻri soʻzga xiyonat qilmagani tufayli jinoiy javobgarlikka ham tortildi. Tuhmat sabab ozodlikdan mahrum etilib, yemagan somsasiga pul тўлади... Eng muhimi, taqdirning bu oʻyinlari uning ruhini sindirolmadi, oʻz tanlagan yoʻlidan qaytarolmadi. Jurnalist hech qachon vijdonini sotmadi, eʼtiqodidan voz kechmadi.
Fidoyi ijodkor yaqinlaridan yordamini hech qachon ayamasdi. Uni yaqindan biladiganlar ishonchli doʻst, bagʻrikeng va maslahatgoʻy ustoz, yuksak insoniy fazilatlar sohibi sifatida yodga olishi shubhasiz.
Ortiqali Nomozovning qaynoq ijod zavqiga toʻla hayoti barcha uchun oʻrnak olishga arzigulikdir.
Ijodkorning mehnatlari eʼtiroflarga ham sazovor boʻldi. “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist” unvoniga munosib koʻrildi. “Mustaqillikning 10 yilligi” nishoni bilan taqdirlandi.
“Xalq soʻzi” — “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati jamoasi marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.
Haq soʻzga muhabbatli, oʻz kasbiga sadoqatli, kuyunchak va xalqparvar insonning porloq xotirasi qalblarimizda abadiy yashaydi.
“Xalq soʻzi” — “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati jamoasi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring