“Haqqingizni talab qiling, muallim!” — Bugun matbuotda

12:18 15 Iyul 2020 Jamiyat
891 0

“Soʻnggi bir necha oydan buyon dunyodagi hatto eng qudratli davlatlar ham koronavirus infeksiyasi oʻchogʻiga aylanib, yuz minglab qurbonlar berganiga va hozir ham kasallanayotganlar soni jahon miqyosida kundan-kunga oʻsib borayotganiga guvohmiz, — deb boshlanadi “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida eʼlon qilingan “Karantin qoidalariga qatʼiy amal qilaylik!” sarlavhali material. — Jahonning eng yetakchi davlatlarida tibbiy sugʻurtasi mavjud boʻlmagan bemorlar tibbiy yordamdan mahrum etilib, taqdir hukmiga tashlab qoʻyilgani, ularning jasadlarini krematsiya qilish va dafn etish uchun uzundan-uzoq navbatlar yuzaga kelganini ham oynai jahon orqali oʻz koʻzimiz bilan koʻrdik...”

Maqola muallifi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Barno Mirzamovaning taʼkidlashicha, davlat qanchalik boy va qudratli, uning sogʻliqni saqlash tizimi esa qanchalik havas qilsa arzigulik boʻlmasin, agar mamlakatdagi har bir fuqaro oʻz sogʻligʻini, avvalo, oʻzi himoyalamasa, bu bebaho boylikni asrab-avaylamasa, murakkab vaziyatlarda belgilangan tartib-qoidalarga va intizomga rioya etmasa bunday davlat har qanday epidemiya va pandemiyalar qarshisida ojiz qolaveradi.

Olti oyda oltita qonun: bu koʻpmi yoki kam? Bu savol javobini “Xalq soʻzi” gazetasida Dilshod Ulugʻmurodovning shu sarlavha ostida chop etilgan materialidan topasiz. Shuningdek, nashr sahifalaridan bu yil Shahrisabzda ikkinchi bor oʻtkazilishi kutilayotgan xalqaro maqom sanʼati festivali oldidan “Dillarni dillarga, ellarni ellarga payvand etayotgan sanʼat” nomli maqola joy olgan. Muallifi — Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi bosh direktori Soibjon Begmatov. Materialda yozilishicha, maqom shunchaki hordiq chiqarish uchun tinglanadigan ohang emas. Teran anglansa, u — tarix, anʼana, qadriyat, maʼnaviyat, maʼrifat, tarbiya, orzu, muhabbat va doʻst. Kim nimani xohlasa, istaganini topadigan moʻjizalar dunyosidir. Faqat unga shaydo boʻlish, u bilan yashash kerak. Shundagina uning sirli dunyosini anglaymiz, sehrli va moʻjizaviy taʼsirini sezamiz va shu orqali oʻzimizni har doim tetik, bardam, baquvvat his etamiz...

“Oʼzbekiston ovozi” gazetasida Toshtemir Xudoyqulovning «Hokimlikning masʼul xodimi oʻz vazifasini toʻgʻri bajarmadi. Buning oqibatida nogiron farzandlari bor oilalar ovvorayu sarson boʻldi” sarlavhali maqola bosilgan. Muallif Toshkent viloyatining Zangiota tumanida istiqomat qilayotgan bir guruh nogironligi boʻlgan oilalar uy-joyga muhtoj boʻlsa-da, ularning ushbu hayotiy ehtiyojini taʼminlash 2-3 yildan buyon paysalga solinib kelinayotganligini tanqid qilgan:

— Oʻzim bu ahvoldaman, — deydi birinchi guruh nogironi Dilshod Kamolov. — Onamning xat-hujjat ishlariga yugurishini koʻrib ezilaman. Qoʻlimdan kelsayu, shu aravachadan turib, yurib ketsam. Onamning ogʻirini yengil qilsam. 13 yil oldin baxtsiz tasodif tufayli aravachaga mixlanib qoldim. Lekin shu muammo, yaʼni uy-joy olish boʻyicha hokimiyatga qilgan murojaatimiz sillamizni qurityapti. Hokimiyat binosi uyimizga yaqin emas. Borib-kelishimiz ham xarajat. Onamga rahmim keladi, aravani surib men bilan 2-3 yildan buyon hokimiyatga qatnaydi. Boshqa gapirolmayman...

“Maʼrifat” gazetasida berilgan Qamashi tumanidagi 10-maktab direktori oʻrinbosari Rahmatilla Mengirovning “Haqingizni talab qiling, muallim!” sarlavhali maqolada esa quyidagicha mazmundagi mulohazalarni oʻqiysiz: Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi 33-qarori 5-bandiga asosan qishloq tumanlaridagi umumtaʼlim maktablari bir necha nomdagi, jumladan, taʼlim nashrlariga mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan obuna qilinadi. Ammo barcha hududlarda ham qaror bandlariga rioya etilmayapti. Masalan, Qamashi tumanidagi 10-maktab mahalliy byudjetdan “Maʼrifat”, “Xalq soʻzi” gazetalari, “Xalq taʼlimi”, “Xalq taʼlimi axborotnomasi” jurnallariga obuna qildirilgani aytilsada, maktabga umuman boshqa nashrlar yetkazib berilayotgan ekan. Maktab direktori oʻrinbosari yuqori idoralarga bu masala boʻyicha bir necha bor murojaat qilgan. Biroq masala haligacha hal etilmagan. “Hal etildi” degan javob kelgan xolos.

Shofirkon tumani maktab bitiruvchilarining oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirishi koʻrsatkichlari boʻyicha respublikada 1-oʻrinni olib kelmoqda. Xoʻsh, shofirkonlik oʻquvchilar hamma fanlardan shunday bilimlimi yoki faqat test olinadigan fanlar boʻyicha repetitorlar yordamida yuqori natijalarga erishyaptimi? 11 yil oʻqib olingan attestat, unga qoʻyilgan baholar nega OOʻYuga kirishda inobatga olinmaydi? Unda nima keragi bor attestatning? , shunchaki “maktabni bitirdi” degan maʼlumotnoma berib qoʻysa boʻlmaydimi shuncha byudjet pulini sarflamasdan? Shofirkon tumanilik oʻqituvchi Elyor Qayimovning “Xalq taʼlimini saqlab qoling!” nomli maqolasida shu haqdagi fikr-mulohazalarini bayon etgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер