Hamkorlikda ishlashda hikmat ko‘p

22:49 13 Iyun 2021 Jamiyat
1748 0

Hasan PAYDOYEV - "Хаlq so'zi"

Qamashi — o‘zining iqtisodiy salohiyati va boshqa turli sohalarda ulkan imkoniyatlarga ega hududlardan biri. Xalqi mehnatkash, tanti va samimiy. Bu esa ular bilan ishlashda kishiga o‘zgacha zavq beradi.

Tuman prokurori, yaʼni 2-sektor hududida 14 mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, ushbu mahalla fuqarolar yig‘ini aholi soni 59557 nafarni tashkil qiladi.  O‘tgan yili pandemiya bo‘lganligi bois, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchilikka uchragan 1520 nafar fuqarolar “temir daftar”ga kiritildi.

Ushbu oilalarning bandligini taʼminlash, moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda ko‘rsatilgan boshqa yordamlar natijasida mahalliy Kengashlar qarorlari asosida 1 ming 495 ta oila ehtiyojmandlar ro‘yxatidan chiqarildi. Hozirgi kunda ana shunday oilalarning 25 tasiga muntazam ravishda ijtimoiy ko‘mak berilib kelyapmiz.

Prezidentimizning yoshlarni va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil qilingan “ayollar daftari”ga 422 nafar xotin-qiz hamda “yoshlar daftari”ga 865 nafar yosh kiritilgan. Bugungi kunda “ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning barchasiga ijtimoiy-iqtisodiy yordamlar ko‘rsatilib, belgilangan reja ijrosi 100 foizga taʼminlangan.

“Yoshlar daftari” bo‘yicha ham tizimli ish olib boryapmiz. Olib borilgan saʼy-harakatlarimiz sabab 571 nafar yosh bandligi taʼminlandi. Ularning aksariyati tadbirkorlikka jalb qilindi, subsidiya asosida turli xil jihozlar ham olib berildi. Natijada ular “yoshlar daftari”dan chiqarildi. Bu boradagi ishlar davom ettirilyapti.      

Bugun biz, prokuratura xodimlari kabinatda o‘tirib emas, aksincha, uyma-uy yurib, odamlarning muammolarini tinglayapmiz, ularni joyida hal etish choralarini ko‘ryapmiz. “Harakatga — barakat” deganlariday, bu ishlarimiz zoya ketayotgani yo‘q. 

Tuman prokuraturasi tashabbusi bilan “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi U. Safarovga tegishli “Buyuk bolalar” uy bog‘chasi tashkil qilingan bo‘lib, ushbu bog‘chada hozirgi kunda 120 nafar bolajonlar tarbiya olmoqdalar, ushbu uy bog‘chasiga tuman prokurori ko‘magi bilan har xil turdagi mebel jihozlari berilishi taʼminlangan.

Shuningdek, 2-sektor hududidagi “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “WORLD QUALITY” mebel ishlab chiqarish MChJga bankdan 300 mln. so‘m kredit mablag‘lari olib berilishida amaliy yordam berilib, natijada “WORLD QUALITY” mebel ishlab chiqarish MChJ o‘z faoliyatini kengaytirdi. 

Bu bilan nafaqat tadbirkorlik ishi rivojlandi, balki “yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz yoshlarning ham bandligi taʼminlandi. Bugungi kunda bir nechta ana shunday yoshlar “WORLD QUALITY” mebel ishlab chiqarish MChJga ishga joylashtirilgan. Bu hali hammasi emas, albatta. Sektorimiz hududidagi “Ulug‘bek” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan Rahmatilla Murodovga tegishli temirchilik sexi faoliyat yuritib kelayotir. Faoliyatini yanada kengaytirishni maqsad qilib, yil boshida ushbu R. Murodovga yil boshida imtiyozli kredit olib berdik. Buyam qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga asos bo‘ldi. Natijada ushbu sexga “yoshlar daftari”ga kiritilgan 12 nafar yosh ishga qabul qilindi. 

Bundan tashqari, hududimizdagi “Balandchayla” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan kasb-hunar kolleji binosidan yakka tartibdagi tadbirkor Maqsuda Suyunovaga 3 ta xona ajratib berdik. Shu tufayli bu yerda tikuvchilik sexi tashkil qilindi. Ushbu tikuvchilik sexida 1 nafar malakali ustozga “ustoz — shogird” anʼanasi asosida 5 nafar “yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar biriktirilgan bo‘lib, 6 nafar xotin-qizlar tikuvchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. 

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan 2 nafar xotin-qizga tikuv mashinalari subsidiya asosida olib berildi. Bu ularga amaliy yordam bo‘ldi. 

Mazkur tikuvchilik sehida yil boshidan buyon 10 dan ziyod xotin-qizlar tikuvchilik yo‘nalishida saboq olishgan bo‘lib, hozirda o‘zlari mustaqil tikuvchilik bilan shug‘ullanishga to‘liq tayyor bo‘lishgan. Umuman olganda, hamkorlikda ishlashda hikmat ko‘p. Qaysidir tadbirkorlik subʼekti yoki ishbilarmon fuqaroga faoliyatini kengaytirishga yoxud ularni qiynayotgan birorta muammosi yechimiga yordam bersak, albatta, ular ham qarab turishmaydi. Shunga javoban maxsus daftarlarda ro‘yxatga kiritilgan yoshlarni, xotin-qizlar va fuqarolarni yoniga olib, ish bilan taʼminlashda ko‘maklashadi.

Bugungi kunda faoliyatimiz ana shunday hamkorlik asosida davom etmoqda.  

 

Bahriddin BАHODIROV,
Qamashi tumani prokurori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер