Hamkorlik memorandumlari imzolandi
Markaziy saylov komissiyasi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “ZoʻrTV” teleradiokompaniyasi, “Uzreport” axborot agentligi bilan oktyabr oyida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarida OAVlar bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda tayyorgarlik ishlarining olib borilishi va oʻtkazilishini yoritish boʻyicha ikki tomonlama memorandumlar imzoladi.
Mazkur hujjatda saylov qonunchiligi normalariga amal qilgan holda barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyati, nomzodlar va siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari haqidagi maʼlumotlarni saylovchilarga oʻz vaqtida yetkazish kabi muhim vazifalar aks etgan.
Tadbirda saylovlarni ochiqlik, oshkoralik va transparentlik asosida oʻtkazishda ommaviy axborot vositalarining roli muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Saylov kampaniyasi davomida barcha muhim voqea va yangiliklardan fuqarolar ommaviy axborot vositalari orqali xabardor boʻladilar. OAV saylov kampaniyasi davrida tashviqot ishlari, saylov komissiyalari faoliyati va boshqa masalalarni keng yoritib borib, aholining siyosiy faolligini oshiradi, ularning mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy hayotidagi ishtirokini kengaytiradi.
Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, 2019-yil boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovlari kampaniyasi davrida televideniyeda – 16 738 ta, radiokanallarda – 6914 ta, bosma ommaviy axborot vositalarida – 4771ta, veb-saytlarda – 2278 ta, telegram kanallarida 3435 ta yaqin, ijtimoiy tarmoq sahifalarida – 6723 ta, jami respublika boʻyicha – 40 860ga yaqin saylovga oid materiallar berilgan.
Bundan tashqari, 40 800dan ortiq siyosiy partiyalarga oid axborotlar, shuningdek xalqaro OAV orqali 100 dan ortiq saylovga oid materiallar eʼlon qilingan.
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring