Halollikning bahosi bormi?
Ommaviy axborot vositalarini koʻzdan kechirsangiz “Falon ishingni bitirib beraman”, deya xolis xizmat koʻrsatish payida boʻlgan poraxoʻrlik, firibgarlik, tovlamachilik kabi jirkanch illatlar botqogʻiga botgan kimsalar qilmishiga oid qator xabarlarga nazaringiz tushadi. Beixtiyor nega bu insoniylik qiyofasini yoʻqotgan kimsalar halol rizq emas, harom luqma orqali oilasi, bolalarini boqish yoʻlini tutdi, degan oʻyga borasan, kishi. Nahotki, ular xalqimizning “Halolning hisobi, haromning azobi bor” degan dono naqlini unutishgan?!
Halol luqmaning kishilik jamiyatidagi ahamiyati benihoya katta. Zero, insonning chin maʼnodagi insonligi – uning iymoni, diyonati, mehr-oqibati, kamtarligi, pokligi va albatta, halolligi bilan oʻlchanadi. Axir, ota-bobolarimizning oʻz farzandlarini hamisha pok va halol boʻlishga, haloldan haromni farqlashga daʼvat etishgani bejiz emas.
Sirasini aytganda, inson qanday qilib pok yashashi, halol luqma topib, hayot kechirishi mumkin? Halollikka amal qilib, toʻgʻri yashash nima degani? Bu savollarga odam bolasi dunyo yaralgandan beri javob izlab keladi. Shubhasiz, halol va toʻgʻri yashashga intilish inson fitratiga taalluqli oliy tuygʻu. Xorazmlik buyuk alloma Mahmud az-Zamahshariy bu haqda shunday deydi: “Halol va pokiza kishi doimo xotirjam-u tinchlikdadir, birovga xiyonat-u yomonlik qiladigan kishi halokatga giriftordir”.
Darhaqiqat, faqat iymonli kishilargina poklik va halollik, diyonat, ezgulik, mehr-oqibat etagidan tutadi. Iymon – kishi maʼnaviyati, axloqining negizi sanaladi. U diniy va dunyoviy iymonga boʻlinadi. Diniy iymonda koʻproq Ollohga, dunyoviy iymonda odamiylikka, chin insoniylikka urgʻu beriladi. Ularning har ikkovi ham aslida kishini chinakam, bosh harflar bilan yoziluvchi INSON boʻlib tarbiya topishiga qaratilgan. Dunyoviy iymon insoniylikning muhim shartlari – diyonatlilik, mehr-shafqatlilik, poklik va halollikni oʻz ichiga oladi.
Halol — bu insonlar uchun ruxsat qilingan yaxshi, ijobiy ishlar, xatti-harakatlar majmuasi boʻlib, inson mehnati evaziga topilgan narsalar, shuningdek, pok va toza oziq-ovqatlarga ham halol maqomi beriladi.
Uning yanada kengroq maʼnodagi jihatlari bu turmushdagi halollik, oʻzaro muomala-munosabatdagi halollik, jamoa orasidagi halollik, savdo-sotiqdagi halollik, doʻstlar oʻrtasidagi halollik va shu kabilardir. Yuragi, qalbi pok va toza, halol yoʻldan yurgan insonlar hamisha xotirjam boʻladi, koʻngli ravshan, doimo sihat-salomat yuradi.
Oʻzbek xalqida “Qush uyasida koʻrganini qiladi”, degan naql bor. Demak, oila halollik tamoyiliga asoslansa, ota-onaning oʻzi pok va halol boʻlsa, farzandlari ham shu ruhda kamol topadi.
Poklik va halollik – iymonli boʻlishning asosiy sharti hisoblanadi. Insondagi yaxshi yoki yomon xislatlar ular tanovul qilgan luqmaga bogʻliqdir. Bu haqda Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniyning “Vasiyatnoma” asarida “Halol luqmani tanovul qilgil. Chunki halol taom Allohga nisbatan barcha vazifalarning bajarilishiga kalit boʻlib xizmat qiladi. Jahannam oʻtiga duchor boʻlmay desang, haromga berilib ketma…”, deyilgan.
Globallashuv sharoitida yosh avlodni maʼnaviy jihatdan barkamol etib tarbiyalash, ularda poklik va halollik odobini shakllantirish, haromdan hazar qilib yashash koʻnikmasini hosil qilish vazifasi dolzarb ahamiyat kasb etib turibdi. Chunki nafaqat shayton, balki inson qiyofasidagi kimsalar ham ular qalbiga doimo raxna solishga, yoshlarni yoʻldan adashtirishga, halollik, poklik yoʻlidan qaytarishga urinadi. Shuning uchun biz ustozlar, ota-onalar, mahalladoshlar, murabbiylar doimo iymon, poklik va halollik yoʻlida hushyor turishimiz kerak.
Mavluda RAHMONOVA,
Buxoro shahridagi Zarmed universiteti oʻqituvchisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring