Hayratlar dunyosiga yetaklovchi ummon
Foto: Xalq so‘zi
Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 582-yilligi munosabati bilan Xorazm viloyatidagi taʼlim maskanlari hamda mehnat jamoalarida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtdi.
Xonqa tumanida Alisher Navoiy nomidagi muzeyda tashkil qilingan adabiy tadbirda yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, shoir ijodining ixlosmandlari ishtirok etdilar. Tadbirda soʻzga chiqqanlar Alisher Navoiyning hayoti, yuksak insonparvarlik gʻoyalari, ilmiy-adabiy merosini yurtimizda va xalqaro miqyosda keng oʻrganish hamda targʻib etish xususida toʻxtaldilar.

— Navoiy ijodini oʻrganganimiz sayin hayratlar dunyosiga oshno boʻlib, adabiyot ummonining mislsiz xazinasini kashf etib boraveramiz, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Xorazm viloyati boʻlimi rahbari Gavhar Ibodullayeva. — Jahon adabiyoti tarixida adabiy merosi Navoiy asarlaridek turli tillarga tarjima qilingan va katta ishtiyoq bilan oʻrganiladigan ijodkor kam uchraydi. Shu maʼnoda Navoiyga bejiz “Dunyoni maʼnaviy tanazzuldan qutqara oladigan mutafakkir”, deb taʼrif bermaydilar. Navoiy asarlari yuksak maʼrifatli jamiyatning, Uchinchi Renessansning mustahkam maʼnaviy ustunlaridan sanaladi, desak xato boʻlmaydi.
Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring