Nukusda haydovchi “Spark“ida “GAI“ xodimini 200 metrgacha sudrab ketdi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Haydovchi Nukusda DAN xodimini bosmoqchi boʻldi...” sarlavhali maqola yuzasidan bayonot berdi.
Qayd etilishicha, 2019-yil 24-noyabr kuni Nukus shahri X.Abdambetov koʻchasi boʻyida Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV YXXB YPX 1-safarbarlik guruhi inspektori Q.B. oʻz xizmat vazifalarini olib borayotgan vaqtlarida, fuqaro Sh.M. boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomashinasi toʻxtatadi.
Haydovchi Sh.M. “Spark” rusumli avtomashinani biror-bir hujjatlarsiz boshqarib kelayotib, inspektor Q.B.ning toʻxtatish ishorasiga boʻysunmasdan avtotransport vositasini inspektorga qarata harakatlantirib, yoʻl patrul xizmati inspektorini 200 metr oraligʻigacha sudrab ketib, soʻng avtomashinani toʻxtatgan vaqtida inspektor Q.B. avtomashinadan tushib qolgan va haydovchi Sh.M. avtotransport vositasini haydab, hodisa joyidan qochib ketgan.
Yuqoridagi hodisa natijasida inspektor Q.B. tan-jarohati olib shifoxonaga tushgan.
Mazkur holat yuzasidan tergovoldi tekshiruv harakatlari olib borilib, ekspertiza natijalari olinib, jinoyat alomatlari aniqlanganligi sababli Nukus shahar prokuraturasi tomonidan 2019-yil 14-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring