Gʻuzorlik tadbirkor ayol kelinlar uchun chevarlik kurslarini tashkil etdi
Gʻuzor tumanidagi “Jarariq” MFY hududida faoliyat koʻrsatayotgan yakka tartibda tadbirkor Shahloxon Hasanova qishloqdagi yosh kelinlarni 2 oylik chevarlik kursida oʻqitmoqda.
5 ta zamonaviy tikuv mashinasi yordamida yosh kelinlar turli liboslarni tikishni va bichishni oʻrganishmoqda. Eng quvonarlisi, kelinlarning chevarlik kursida tahsil olayotganidan qaynanalar ham juda mamnun.
— Men Yangi hayot qishlogʻida kelin boʻlib tushganman, — deydi Fotima Ashurova. — Bu yerda chevarlik sir-asrorlarini oʻrganayotganimdan juda mamnunman. Birinchi tikkan libosimni qaynonamga sovgʻa qildim. Juda xursand boʻlib qoldilar. Endilikda uyda oʻzim tikuv mashinasida mustaqil bichish-tikish bilan mashgʻulman. Qoʻni-qoʻshnilar, yaqinlarim menga buyurtmalar berishmoqda. Oʻz-oʻzimni band qilganimdan turmush oʻrtogʻim ham xursand.
Tadbirkor Shahlo Hasanovaning maʼlum qilishiga koʻra, hududdagi Jarariq, Xumdon, Oqtosh va tuman markazidan kelinlar shu oʻquv kursida tahsil olishga intilishmoqda.
Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring